Foto: Telegram / Bukhara Info

Buxoroda XVI asrda qurilgan “Abdullaxon” madrasasi devorining bir qismi o‘pirilib tushdi

30-iyul kechasi Buxoro shahridagi “Abdullaxon” madrasasi orqa tomon devorining bir qismi o‘pirilib tushdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, bunga ko‘p yillik texnogen jarayonlar (issiq va sovuq iqlim, yog‘ingarchiliklar va yerosti suvlarining ko‘tarilishi) sabab bo‘lgan.

Holat bo‘yicha Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi, Buxoro shahar hokimligi, restavratorlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, joyida o‘rganish o‘tkazilgan va Respublika Madaniy meros agentligidan vakillar jalb qilingan. “Abdullaxon” madrasasining orqa qismi devorining o‘pirilib tushgan qismini belgilangan tartibda tegishli loyiha asosida qayta tiklash va zaruriy restavratsiya ishlarini tashkil etish ishlari boshlangan.

Shu bilan birga, Buxoroda texnogen jarayonlar oqibatida nurashi, yemirilishi va qulab tushishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 40 ta madaniy meros obyektining qiymatini saqlash, ularda tiklash, restavratsiya va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha olimlar, restavratorlar va malakali mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan holda zarur chora-tadbirlar belgilanishi haqida hukumatga aniq takliflar yuborilgan.

Bundan tashqari, holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda.

Latest from Blog