Buxoroda ona-bola yangi tugʻilgan chaqaloqni 8 millionga sotmoqchi boʻldi

Buxorolik ayol yangi tugʻilgan chaqalogʻini onasi bilan birgalikda sotmoqchi boʻldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga tayanib OʻzA xabar berdi.

Xabarga koʻra, Buxoro viloyati Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Gʻijduvon tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Peshku tumani “Valfajir” mahallasida yashovchi fuqaro J.F. (ayol) yaqinda dunyoga kelgan farzandini sotish maqsadida oʻz onasi bilan jinoyatni sodir etish uchun oldindan til biriktiradi.

Natijada ona va qiz bir guruh boʻlib, tibbiyot muassasasi hududida chaqaloqni oʻzga bir fuqaroga 8 million soʻmga baholab sotayotgan vaqtida qoʻlga tushadi va bu ish tegishli tartibda rasmiylashtiriladi.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan ona va qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-modda 2-qismi «e» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, sodir qilingan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog