Buxoroda «Adolat SDP» “Adolatli qaynona” ko‘rik tanlovini o‘tkazdi

O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan partiyaning “Adolatli qaynona” ko‘rik tanlovi viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya xodimlari bilan birga tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar, joylardagi xotin-qizlar qo‘mita raislari, faol partiyadoshlar ishtirok etishdi. Bu haqda partiyaning Buxoro viloyat kengashi matbuot xizmati.

Foto: Sof.uz

O‘zbekiston Respublikasining “Oila” Kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va Qarorlari va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Ustavi, partiyaning “Ayollar qanoti” faoliyatining 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi asosida ishlab chiqilgan ushbu ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan partiyaning faol va tashabbuskor qaynonalari oila, mahalla va mehnat faoliyatida erishgan yutuqlari, liderlik va notiqlik qobiliyatlari, oilaviy qadriyatlar, farzandlar tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor borasida to‘xtalib o‘tishdi.

Ushbu ko‘rik tanlovni o‘tkazishdan maqsad ijtimoiy adolat prinsiplariga tayangan holda oila va jamiyat, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq an’analar, sermazmun milliy qadriyatlarning ildizlarini, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ommalashtirish, oilaviy tarbiyada adolat hamda umuminsoniy qadriyatlarning o‘rnini yuksaltirish va uning oilada uyg‘unlashuvini ta’minlash ekan, tuman va shahar Kengashida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qaynonalar 3 ta shart, ya’ni “O‘zini va oilasini tanishtirish”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Oila kodeksi” dan, O‘zbekiston “Adolat” SDP faoliyatidan xabardorligi” bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

“Qaynonalik baxtini menga bergan kelinim va kuyovimdan minnatdorman. Ayni damda shu ko‘rik-tanlovda ishtirok etishimda ham ular sababchi”, – deb partiyaning Buxoro shahar Kengashi ishtirokchisi Farog‘at aya o‘z minnatdorlik tuyg‘ularini bildirgan bo‘lsa, Shofirkon tuman Kengashidan qatnashgan Gulnora Shirinova esa barcha shartlarni zavq bilan bajargani va partiyaning bu ko‘rik-tanlovidan juda katta taassurotga ega bo‘lganligini bildirdi.

Hay’at a’zolari adolat mezoniga tayangan holda barcha ishtirokchilarni baholashdi.

O‘zining tashabbuskorligi, siyosiy savodxonligi, ziyrakligi, har bir shartni bajarishda doim ildamliligi bilan alohida e’tiborga ega bo‘lgan partiyaning Buxoro tuman Kengashidan ishtirok etgan Ra’no Hamroyeva birinchi o‘ringa loyiq deb topildi hamda respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Ikkinchi darajali diplom bilan Jondor tumani qatnashchisi Soliha Qo‘ziyeva, uchinchi darajali diplom bilan esa Kogon shahar Kengashi ishtirokchisi Muhabbat Saidovalar taqdirlanishdi.

Barcha ko‘rik-tanlov qatnashuvchilariga partiyaning diplom va tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari berildi. Tadbir kuy-qo‘shiqlarga boy bo‘ldi.

Latest from Blog