«Buxoro» futbol klubi 55 million soʻmlik jarimaga tortildi

Oliy Liga 25-tur doirasidagi «Buxoro» (Buxoro) hamda «Paxtakor» (Toshkent) klublari oʻrtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar sababli «Buxoro» futbol klubi 55 mln soʻm miqdorida jarimaga tortildi, deya xabar qildi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

Foto: Sputnik

«Oliy Liga 25-turi doirasidagi «Buxoro» — «Paxtakor» uchrashuvida yuz bergan mojaroli vaziyatlar yuzasidan OʻzPFL yigʻilish oʻtkazdi.

Ushbu yigʻilishda, «Buxoro»-«Paxtakor» uchrashuvida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar, yaʼni futbol uchrashuvi vaqtidagi tartibning toʻliq taʼminlanmaganligi, «Buxoro» futbol klubi rasmiy xodimlarining belgilangan tartib-intizom va qoidalarga toʻliq rioya etmaganligi, shuningdek, uchrashuv rasmiylarining xavfsizligi yetarli darajada taʼminlanmaganligi kabi holatlar oʻrganib chiqildi», — deyiladi xabarda.

Majlisda videoyozuvlar, uchrashuv nazoratchisi hamda OʻzPFL vakilining bildirgisiga asosan, Oʻzbekiston yarim havaskor va yarim professional futbol klublari oʻrtasidagi musobaqa reglamenti, Tartib-intizom Kodeksi 5-modda, 4-boʻlim, 5.57 bandiga asosan «Buxoro» klubiga nisbatan jarima qoʻllash haqida qaror qilindi.

«Buxoro» klubi yarim havaskor va yarim professional futbol klublari oʻrtasidagi musobaqa Reglamenti bandlariga asosan 55 mln soʻm jarimaga tortildi.

Shunga oʻxshash vaziyat yana takrorlanadigan boʻlsa, klubga nisbatan qattiqroq choralar koʻrilishi bilan bir qatorda, «Buxoro» futbol klubi oʻz maydonidagi uchrashuvlarni muxlislarsiz yoki neytral stadionlarda oʻtkazishi haqida qattiq ogohlantirildi.

Latest from Blog