Foto: www.hurriyetdailynews.com

Britaniyada koronavirusning yangi shtammi aniqlandi

/

Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi shtammi paydo bo‘ldi va yana o‘nta mamlakatda tarqalishga ulgurdi, unga B.1.525 deb nom berildi. Bu haqda Edinburg universiteti olimlari xabar berdi.

Ushbu mutatsiya bilan kasallanganlar, mutaxassislar taqdim etgan hisobotga ko‘ra, quyidagi mamlakatlarda aniqlangan: Daniya (35 ta holat), Buyuk Britaniya (33), Nigeriya (12), AQSh (10), Fransiya (5), Gana (4), Kanada (3), Avstraliya (2), Iordaniya (2), Belgiya (1), Ispaniya (1). Ilk holatlar 2020-yil dekabrida qayd etilgan.

The Guardian yozishicha, olimlar fikriga qaraganda, ushbu variant virusning hujayralarga kirishiga yordam beruvchi tikansimon oqsildagi mutatsiya bilan farqlanadi. Virusdagi bunday o‘zgarish organizm tomonidan ishlab chiqariladigan neytrallashtiruvchi antitanadan yaxshiroq qochish imkonini beradi. Xuddi shu mutatsiya avvalroq Janubiy Afrika va Braziliyada ham aniqlangan edi.

2020-yil dekabrida Buyuk Britaniya koronavirusning yangi, “odatiy” SARS-CoV-2’dan ko‘ra yuqumliroq turi paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, yangi shtamm oddiysidan tezroq tarqalmoqda, ammo tarqalish usuli xuddi shunday. Fevralda britaniyalik ekspertlar undan o‘lim darajasi yuqoriroq ekanini aniqladi. O‘rtacha olganda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “britancha” shtamm bilan kasallanish holatida o‘lim xavfi 1,53 martaga ko‘proq.

Avvalroq rossiyalik olimlar koronavirusning “britancha” shtammini aniqlaydigan dunyodagi birinchi test tizimini ishlab chiqib, uni ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

 

Latest from Blog