Bosh vazirga attraktsionlar bo‘yicha parlament so‘rovi jo‘natildi

24–25-avgust kunlari Toshkentda Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida senatorlar madaniyat va istirohat bog‘lari, madaniy-ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan attraktsion qurilmalar ustidan o‘rnatilgan davlat nazoratining holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari bo‘yicha axborotni muhokama qildilar. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Parlament so‘roviga muvofiq tuzilgan ishchi guruh tomonidan 148 ta madaniyat va istirohat bog‘i o‘rganilib, ishlab turgan 1 758 ta attraktsion va o‘yin qurilmalari xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirilgani aytib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan holatni o‘rganish natijalariga ko‘ra ob’ektlardan xavfsiz foydalanishni tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirishga, ushbu sohadagi yagona davlat nazorati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar rejasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Muhokamada senatorlar tomonidan sohani rivojlantirish yuzasidan bir qancha tavsiyalar bildirildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur tadbirlar rejasi o‘z vaqtida ijro etilishi zarurligi ta’kidlandi.

Ushbu masala yuzasidan Senat qarorining ijro etilishini monitoring qilish Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasiga topshirildi.

Ma’lumot uchun, Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirilishi rejalashtirilgan Davlat dasturini ijro etishga qaratilgan 27 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun muhokamasi ko‘rib chiqildi. 6 ta yangi qonun loyihasi tasdiqlandi.

Latest from Blog