Bojxonachilar 2 tonnadan ziyod guruchning O‘zbekistondan noqonuniy olib o‘tilishiga yo‘l qo‘yishmadi

Qashqadaryo viloyati bojxonachilari O‘zbekistondan tranzit tarzida o‘tayotgan yo‘lovchi poyezdi orqali qariyb 2,2 tonna guruchning noqonuniy olib o‘tilishi oldini olishdi, deya xabar qildi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Foto: ventalife.ru

Xususan, Nishon tumani “Moskva-Dushanbe” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdida qo‘shni davlat fuqarosi Mirali Safarov yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, vagonning turli joylariga yashirincha joylashtirilgan holda 20 qopdan iborat 1 tonnadan ziyod “alanga” navli guruchni kelgusida sotish maqsadida qo‘shni davlatga noqonuniy tarzda olib o‘tayotganda to‘xtatib qolindi.

Bundan tashqari, uning jinoiy sherigi bo‘lgan qo‘shni davlat fuqarosi Xasan Mirokov ham ushbu qing‘ir yo‘lni tanlab, o‘zi tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmasdan, vagonning turli joylariga yashirincha joylashtirgan holda 23 qopdan iborat 1133 kilogramm “lazer” hamda “alanga” navli guruch mahsulotini o‘z yurtiga noqonuniy ravishda olib o‘tayotganda qo‘lga olindi.

Yakunda qo‘shni davlat fuqarolari M.Safarov hamda X.Mirokovga nisbatan tegishli sud organlarining qarorlari bilan jazo choralari qo‘llanildi. Ashyoviy dalil sifatida olingan qariyb 7 million so‘mlik guruch belgilangan tartibda davlat egaligiga o‘tkazildi.

Latest from Blog