Boʻrondan kamida 30 odam oʻlgani aytilayotgan Turkmanistonda hukumat aholiga yordam bermayapti

Turkmanistonning Lebap va Mari viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan jabrlangan fuqarolar hukumat tomonidan hech qanday moddiy koʻmak yoki qoʻllov koʻrsatilmayotganini aytmoqdalar.

Foto: NewsDay24.com

27-aprel kuni bu viloyatlarda qum boʻroni va kuchli shamol oqibatida kamida 30 odam, jumladan, bolalar ham halok boʻlgan. Koʻplab uylar vayronaga aylangan.

4-may kuni mazkur viloyatlarda kuchli yomgʻir yogʻa boshladi. Uysiz qolgan aholi oziq-ovqat yetishmovchiligidan va boshpanasizlikdan azob chekmoqda. Tabiiy ofat ortidan mintaqadagi tijoratchilar narx-navoni keskin koʻtarib yuborgan.

Ayrim odamlar mahalliy hukumat ulardan “hech qanday shikoyatlarimiz yoʻq”, degan maʼnoda tilxat yozdirib olayotganini aytmoqdalar. Lebap viloyati markazi Turkmanobodda esa mahalliy hukumat uyi buzilganlarga arzon narxda qurilish materiallari sotib olishni taklif qilmoqda. Lekin aholi qurilish materiallarini sotib olishga puli yoʻqligidan nolimoqda.

Qum boʻronidan soʻng elektr energiyasi, suv va gaz taʼminoti toʻliq qayta tiklanmagan.

28-aprelga oʻtar kechasi Turkmanistonda boshlangan kuchli boʻron Oʻzbekistonning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga ham yetib kelgan edi. Buning natijasida aholi hayoti, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi ekinlariga katta zarar yetgan.

Buxoro viloyatida esa 1 kishi halok boʻldi, kamida 41 odam jarohatlandi, 5 200 dan oshiq binoga zarar yetdi. Oʻshanda shamol tezligi 9-40 m/sek.ni (32-140 km/soatgacha) tashkil qilgani bildirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni zudlik bilan Buxoro viloyatiga safar qilib, vertolyotda zarar koʻrgan tumanlarni aylangan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog