Foto: The Jewish Chronicle

BMTning diniy erkinliklar boʻyicha maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonga kelmoqda

BMTning Din va eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonga safar qilmoqchi. Bu haqda u Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida maʼlum qilgan.

Mahalliy axborot agentliklar xabariga koʻra, Oʻzbekistonga safari chogʻida Ahmad Shahid Nyu-York shahri universiteti (CUNY-RBI) huzuridagi Ralf Banch nomidagi xalqaro tadqiqotlar instituti va Esseks universiteti huquqshunoslik maktabi (Essex-HRC) yordamida texnik koʻmak dasturini ishga tushirishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Maxsus maʼruzachining safar dasturida Oʻzbekistondagi tegishli davlat idoralari, fuqarolik jamiyati va diniy tashkilotlar vakillari uchun qator seminar va treninglar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, tashrif chogʻida BMT doirasida qoʻllanilayotgan inson huquqlari koʻrsatkichlariga asoslangan milliy monitoring va baholash tizimini ishlab chiqishda maslahat yordami koʻrsatilishi urgʻulangan.

Ahmad Shahid “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish uchun shu yilning dekabr oyida ham Oʻzbekistonga yana bir bor safar qilishini tasdiqlagan.

Latest from Blog