Foto: Alabama Cooperative Extension System

BMT: Qurg‘oqchilik navbatdagi pandemiyaga aylanish arafasida

Dunyo bo‘ylab suv tanqisligi va qurg‘oqchilikdan zararlanish COVID-19 pandemiyasi bilan bellashishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili Mami Mizutori aytib o‘tdi, deb yozadi Reuters.

“Qurg‘oqchilik navbatdagi pandemiyaga aylanish arafasida va uni davolash uchun vaksina yo‘q”, — dedi Mizutori.

BMT ma’lum qilishicha, 1998-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davrdagi qurg‘oqchilik kamida 124 milliard dollarlik iqtisodiy zarar yetkazib, 1,5 milliarddan ortiq kishiga ta’sir qilgan va bu raqamlar hali “yetarlicha hisoblanmagan bo‘lishi mumkin”.

Tashkilot qayd etishicha, hozirgi kunga qadar global isish Janubiy Yevropa va G‘arbiy Afrikada qurg‘oqchilikni kuchaytirdi. Agar dunyo chora ko‘rmasa, qurbonlar soni “osmonga chiqishi” mumkin. Ushbu asrda 130 ga yaqin mamlakatda qurg‘oqchilik xavfi yuqori bo‘lishi mumkin.

“Qurg‘oqchilik xuddi pandemiya singari, odatda uzoq davom etadi, keng geografik diapazonga ega va keltiradigan zarari ham katta”, — dedi Mizutori. — “Bu bilvosita oziq-ovqat tanqisligi va ularning narxi oshishi tufayli qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan mamlakatlarga ta’sir qilishi mumkin”.

Shu bilan birga, BMT Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Markaziy Osiyo, Janubiy Avstraliya, Janubiy Yevropa, Meksika va AQShda tez-tez va og‘ir qurg‘oqchiliklar yuz berishi kutilayotganini aytdi.

BMTning cho‘llanish bilan kurashish uchun mas’ul xodimi Ibrohim Tyauning so‘zlariga ko‘ra, tuproq degradatsiyasiga qisman yerlardan noto‘g‘ri foydalanish ham sabab bo‘ladi va bu dunyoni “borsa kelmas nuqtaga” yaqinlashtirdi.

“Dunyoning boshqa qismlarida sodir bo‘layotgan ushbu hodisa so‘zsiz Yevropada ham yuz berishi mumkin“, — deya xulosa qildi u.

Latest from Blog