BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrif buyuradi


2017-yilning 10—12-may kunlari BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tashrifdan maqsad — O‘zbekiston va BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissariati o‘rtasiga hamkorlik, shuningdek, kelajakda tomonlarni qiziqtiradigan sohalar doirasida hamkorlik muhokamasi.

Ta’kidlash joizki, iordaniyalik Zayd Raad al-Husayn BMT inson huquqlari bo‘yicha yettinchi oliy komissari hisoblanadi. U Jons Xopkins universitetida (AQSh) gumanitar yo‘nalishning bakalavr, Kembrij universitetida esa (Buyuk Britaniya) falsafa fanlari doktori darajasini olgan. Diplomatiya sohasida 12 yillik tajribaga ega.

2014-yilda u BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari lavozimiga tayinlangan birinchi osiyolik bo‘ldi. Bunga qadar Zayd Raad al-Husayn BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan.

Zayd Raad al-Husayn xalqaro huquqlar masalasi, xalqaro jinoiy sud, yadroviy terrorizmga qarshi tinchlikparvar operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha ixtisoslikka ega. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Uning Iroq va Suriyadagi jangovar harakatlar zonasi, shuningdek, Venesuela, Ukraina, G‘azo sektori va Afrikada bir qator mamlakatlarda gumanitar vaziyat bo‘yicha yechimlarni belgilab bergani alohida ahamiyatga ega.

Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida OAV ga va tashrif yakunida Xalqaro press-klub jurnalistlarga intervyu berishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov Jenevada BMT Inson huquqlari kengashi 34-sessiyasi doirasida Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog