BMT Bosh kotibining Toshkentga tashrifi kutilmoqda

Joriy yil mart oyining uchinchi dekadasida Toshkentda “Afg‘oniston — tinch kelajak sari yo‘l” mavzuida xalqaro vazirlar konferentsiyasini o‘tkaziladi. Uning asosiy maqsadi: Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarining asosiy tamoyillarini muvofiqlashtirish, Afg‘oniston hukumati va qurolli muxolifat o‘rtasida muzokaralar olib borish mexanizmini ishlab chiqish, muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirish.

Foto:Коммерсант

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ma’lum qilishicha, Toshkent konferentsiyasining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar idoralari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Bugun Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi Yevroosiyo mintaqasining barcha mamlakatlariga katta naf keltirishi hech kimga sir emas. Bu yaqinda BMT Xavfsizlik Kengashining Afg‘onistonda vaziyatni bartaraf etishga bag‘ishlangan uchrashuvida ham qo‘shni davlatlar vakillari hamda asosiy tashqi ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ta’kidlandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yillik tajribaga tayanilsa, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi mavjud muammolarni kuch bilan hal etishga urinishlar samarasizligini aniq ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan, Afg‘onistondagi tinchlik va xavfsizlikning asosiy masalalari, shuningdek, markaziy hukumat hamda qurolli muxolifat kuchlari o‘rtasida bevosita muloqot orqali o‘zaro kelishuvga erishish bo‘yicha keng miqyosli xalqaro konsensusga erishish har qachongidan ham ko‘proq zaruratdir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent konferentsiyasi tashabbusi bugungi kunda Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilish jarayoniga jalb qilingan ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Rossiya shu yilning martida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston masalalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvi yig‘ilishi tashabbusini ilgari surgan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi», dedi.

Xorijlik ekspertlarning aytishicha, 1999-yilda Toshkentda O‘zbekistonning tashabbusi bilan «6 + 2» muloqot guruhi yig‘ilishi nizolashayotgan tomonlar vakillari, xususan, “Tolibon” hamda Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi. Muzokaralar yakunida Afg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik jarayonini targ‘ib qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasini hisobga olgan holda, oldinda turgan navbatdagi yig‘ilish afg‘on muammosini hal etishda muhim qadam bo‘lishi mumkin, deb ta’kidlashdi.

Latest from Blog