Bloger Mirzo Subxanov Ozodbek Nazarbekovga: siz sanʼatkormi yoki tadbirkor?

Bloger Mirzo Subxanov Ozodbek Nazarbekov tomonidan “Oʻzbekkontsert” yigʻilishida aytilgan fikrlarga oʻz noroziligini bildirdi.

Foto: Mediabay

“2017-yil 2-iyun Oʻzbekiston sanʼati tarixiga zarvaraqlar bilan yoziladigan boʻldi. Kelajakda bu kunni oʻzbek sanʼatkorlari kasb bayram sifatida nishonlashsa ajabmas. Bu kunda Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ilk marotaba “sanʼatkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni” talab qilib chiqdi”, deb yozadi oʻz blogida Subxanov.

Qayd etilishicha, Ozodbek yillar mobaynida sanʼatkorlar Davlat tashkilotlari tomonidan hurmatsizlikka uchrab kelishayotgani va sanʼatkorlar xizmatidan bepul foydalanib kelinayotganini iddao qilib, kelgusida bu narsaga chidab boʻlmasligi va Davlat tadbirlarida faqat pullik xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish kerakligini ham aytib oʻtgan. Ozodbekning bu talabi boshqa sanʼatkorlar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan.

Bloger xalq artistining bu soʻzlariga javoban: “Nahotki shuncha yillar davomida “xoʻrlanib” kelgan sanʼatkorlar faqat bugun bu masalani koʻtarib chiqdilar?! Bunga nima sabab boʻldi?”, deya savol tashlagan. Hamda “balki bunga oxirgi paytlarda Ozodbek Nazarbekovni odamlar toʻylarga kamroq chaqirayotgani sababdir. Yoki sanʼatkorlar Davlat tadbirlarida pul koʻchirish yoʻli bilan qatnashib, oʻzlarining moliyaviy holatini oʻnglab olmoqchimi”, deb taʼkidlagan.

Umuman olganda oʻz fikrlarimni birovni pulini sanash uchun bildirayotganim yoʻq, deya davom etadi Subxanov.

“Shaxsan menga tinchlik bermayotgan savol: “Nega Ozodbek Davlat tashkilotlari, xususan Prokuraturani umumiy yomonladi?”. Yuridik jixatdan uning bu harakatlari “Davlat organlariga asossiz ravishda ochiqdan-ochiq behurmatlik va tuhmat qilish”, deb baholanishi mumkin. Bu esa maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanishiga sabab boʻlishi mumkin.

hundan soʻng bloger xalq artistiga oʻz murojaatini bayon etgan.

“Hurmatli fukaro O. Nazarbekov! Agar Sizni Davlat tashkilotlari mansabdor shaxslaridan kimdir xafa qilgan boʻlsa ham, Siz umumiy bir Davlat organini ayblashga xaqqingiz yoʻq! Sizni xafa qilgan mansabdor shaxslarning ism-familiyasini ayting, isbot keltiring, aks holda Sizning mish-mishchidan farqingiz qolmaydi.

Oʻylab koʻring, Sizdek nufuzga ega odam “prokuratura yomon” desa, oddiy xalqning Davlatga boʻlgan hurmati pasaymaydimi? Prokuratura korporativiga boribsiz, pul soʻrashga uyalibsiz, nega vaqt oʻtgach ular yomon siz yaxshi boʻlishingiz kerak?

Davlat tadbirlarida qatnashish uchun oldindan bank hisob raqamingizga toʻlov qilishni taklif etdingiz. Ammo nima uchun kuniga bitta avtomobil sotib olsa boʻladigan pulga teng, noqonuniy valyutada toʻylardan keladigan tushumni boshqa tadbirkorlar singari bankka topshirmaysiz? Axir har qanday tadbirkor, soliqdan ozod boʻlsa ham, tadbirkorlikdan kelgan kunlik naqd pul tushumini bankka topshirishi shartmasmi? Nakd pul boʻyicha Markaziy bankda qariyb har kuni majlis oʻtkazilishidan sizning xabaringiz yoʻq boʻlsa kerak, tushunishimcha.

Hurmatli ustoz sanʼatkorlarimizdan biri Munojot Yoʻlchiyeva toʻylarga chiqishni oʻzlariga ep koʻrmas ekanlar. Hattoki konservatoriyaga koʻp paytlarda jamoat transportida yetib olar ekanlar. Mana sizga sanʼatkor va “tadbirkor”ning farqi.

Davlat bayramlari bu avvalambor xalqimizning xursandchilik kuni. Koʻplab ustoz va yangi umidli sanʼatkorlar bu xursandchilikni xalq bilan birga kutib olishni orzu qilib yuradilar. Ularga pulning ahamiyati yoʻq.

Sizga qolsa keyingi “Oʻzbekkontsert” majlislarida “Mustaqillik bayramida odamlar nega sanʼatkorga pul qistirmaydi?” deb, shu anʼanani joriy etsangiz, ajabmas.

Tarixda halol mehnat qilib topilgan pulni yerga sochish va odamlarga qistirishni ham oʻsha paytdagi “tadbirkor” sanʼatkorlar oʻylab topishgan.

Sanʼatkorlar! Davringiz oʻtib ketmoqda, ovoz borida gapirib olinglar, deb qolaman”.

Muallif fikri tahririyat nuqtai-nazari bilan mos tushmasligi mumkin.

Latest from Blog