Foto: Xs.uz

Birinchi chorakda qoʻshimcha 557,3 mln kub metr tabiiy gaz qazib olindi — “Oʻzbekneftgaz”

//

2021-yilning yanvar-aprel oylarida “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish, qayta ishlash boshqarma va korxonalarida uglevodorodlarni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga qaratilgan bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi 2822-sonli qaroriga asosan, 2021-yilning yanvar-aprel oylarida 56 ta quduq burgʻilashdan (shundan 35 ta quduq dastur doirasida), 233 ta quduq mukammal taʼmirlashdan chiqarildi va 14 ta texnologik obyektlar qurib ishga tushirildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning 2021-yil 21-yanvardagi 28-sonli “Gaz va gaz kondensati qazib chiqarish koʻrsatkichlarini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi buyrugʻi ijrosining taʼminlanishi natijasida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi oshirildi.

Kompaniya axborot xizmatining xabar berishicha, qoʻshimcha 557,3 mln kub metr (shundan 207,2 mln kub metr dastur doirasida) tabiiy gaz, 6,9 ming tonna (shundan 4,5 ming tonna dastur doirasida) gaz kondensati, hamda 1,3 ming tonna neft qazib chiqarildi.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida, 2021-yilning yanvar-aprel oylarida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan neft va gaz qazib chiqarish va qayta ishlash reja koʻrsatkichlarining bajarilishi quyidagicha boʻldi:

• Tabiiy gaz – 11 051 mln.kub.metr, rejaga nisbatan 100,7%;

• Neft – 41,3 ming tonna, rejaga nisbatan 108,3%;

• Kondensat – 482,5 ming tonna, rejaga nisbatan 101,1%;

• Oltingugurt – 86,3 ming tonna, rejaga nisbatan 120,6%;

• Polietilen – 46,7 ming tonna, rejaga nisbatan 100,5%;

• Avtobenzin – 285,7 ming tonna, rejaga nisbatan 111,0%;

• Dizel yonilgʻisi – 85,5 ming tonna, rejaga nisbatan 134,6%.

Latest from Blog