Foto: “Xalq so‘zi online”

Bir kunda 500 ga yaqin o‘zbekistonlik ishlash uchun Qozog‘istonga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qozog‘iston ish beruvchilari o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarni ushbu davlatga ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, kelishuvga muvofiq 7-mart kuni Qoraqalpog‘istondan 490 nafar fuqaro “Dovud ota” chegara posti orqali yirik qurilish obyektlarida belgilangan epidemiologik talablarga rioya qilgan holda ishlash uchun Qozog‘istonning Aqtau shahriga tashkillashtirilgan holda jo‘nab ketdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qoraqalpog‘iston filiali xodimlari tomonidan tegishli tushuntirishlar berilib, bepul sug‘urta polisi va xizmat ko‘rsatish shartnomasi rasmiylashtirilgan. Mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tarqatma materiallar berilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning 25-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida mehnat faoliyati va Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mehnat muhojirlari va O‘zbekistonda Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Bitimga asosan, mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligi va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan o‘tkir kasalliklar bo‘yicha kafolatlangan bepul tibbiy yordam olish, qabul qiladigan mamlakatning vakolatli organlari tomonidan hududda bo‘lish shartlari va tartiblari, mehnat faoliyatini amalga oshirish to‘g‘risida ma’lumot olish va boshqa huquqlarga ega.

Hujjatda mehnat migrantlarining ish haqini to‘lash va ularning daromadlaridan soliq to‘lash, pensiya va ijtimoiy ta’minot, o‘lim yoki shikastlanish holatlarida to‘lovlar va kompensatsiyalar, shuningdek mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq jarohat, kasb kasalligi yoki boshqa sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash masalalari ham tartibga solingan.

Latest from Blog