Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-sentabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yoʻnalishga oʻz vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar taraqqiyotdan orqada qolyapti.
2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bugungi videoselektor yigʻilishida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil yakuni va 2021-yil birinchi choragiga moʻljallangan loyihalar muhokama etildi.
– Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish boʻlmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni oʻziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur oʻrganishi kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.