«Ayrim tanqidlar ochiq qolayapti» — prezident matbuot kotibi

Foto: Facebook / Sherzod Asadov

Mart oyi oxirida Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan Sherzod Asadov chorshanba kuni vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi darajasi tahlil qilindi, deyiladi matbuot kotibning Facebookʼdagi sahifasida.

“Keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi — davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan boʻlib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. Endilikda ularning faoliyatini yana-da takomillashtirish, oʻzlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini taʼminlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi”, — deyiladi xabarda.

Matbuot kotiblariga yuzlana turib Sherzod Asadov shunday dedi: “Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolyapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga toʻliq axborot berish shart. Bu boʻyicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun prezident matbuot xizmati doimo ochiq”.

Taʻkidlanishicha, muloqot davomida “prezident matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani yoʻlga qoʻyish mexanizmi kelishib olingan”.

Tashqi ishlar vazirining sobiq oʻrinbosari ayni vaqt prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari ham hisoblanadi. Unga davlat rahbarining faoliyatini yoritish masalasi bilan birga vazirlik va davlat idoralarining matbuot kotiblari faoliyatini ham muvofiqlashtirish vazifasi topshirilgan.

Latest from Blog