Avtotest monopoliyasi bekor qilindi, yuridik shaxslar haydovchilari uchun sertifikatlar qolmoqda

O‘zbekiston hukumati yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaruvchi haydovchilar malakasini oshirishda Avtotest Report kompaniyasi monopoliyasini bekor qildi. Bu haqda Gazet.uz nashri xabar qildi.

Foto: Gazeta.uz

23-fevraldagi «Avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, 1-iyundan avtomototransport vositalari hamda shahar elektr transporti haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha faoliyat davlat ta’lim muassasalari, shuningdek tegishli litsenziyaga ega nodavlat ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning 4-sentabr kunidagi hukumat qarori bilan joriy etilgan yuridik shaxslar avtomototransport vositalarini boshqaruvchi haydovchilari uchun har ikki yilda bir marta malaka oshirish talabi saqlab qolindi.

Bundan tashqari, qaror bilan avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslarga malaka oshirish majburiy emasligi belgilab qo‘yildi.

Endilikda avtotransport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar haydovchilik guvohnomasini olish uchun ma’muriy chora muddati tugaganidan so‘ng hamda nazariy va amaliy imtihonlar topshirgunga qadar malaka oshirish kursidan o‘tishga majbur.

Hujjat bilan haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikatning yangi formasi ham tasdiqlandi (bunga qadar u rasman Avtotest Report MCHJ o‘quv majmuasi sertifikati deb nomlangan edi).

O‘zgarishlarni hukumatning sentyabrdagi qaroriga nisbatan jamoatchilik e’tirozlarining aks ta’siri deb hisoblash mumkin. Fuqarolar, jumladan hujjat jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmagani, ushbu huquqning bir monopol kompaniyaga topshirilishiga norozilik bildirib, haydovchilarning har ikki yilda malaka oshirish zarurligini shubha ostiga olgan edi.

Latest from Blog