Foto: UNICEF

AstraZeneca vaksinasining keyingi partiyasi iyun oyida olib kelinadi

/

Juma kuni YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatorida COVID-19ʼga qarshi emlandi. U shu kunlarda koronavirusga qarshi davolangani va sogʻligʻi yaxshilangach emlanishga qaror qilganini qoʻshimcha qildi.

Suhbat davomida YUNISEF rahbari COVAX dasturi doirasida vaksinaning keyingi partiyasi qachon olib kelinishiga ham toʻxtalib oʻtgan.

“Dastlab may oyida vaksinaning qolgan qismini olib kelishni reja qilgan edik. Vaksina Hindistonda ishlab chiqarilishi va u yerdagi hozirgi (epidemiologik — tahr.) vaziyatni inobatga olgan holda, yetkazib berishda kichik kechikishlar boʻlishi haqida bizni va oʻz navbatida hukumatni rasman xabardor qilishdi. Shunga qaramasdan, biz iyun oyida dozalar oʻrtasida juda katta farq boʻlmagan tarzda yetkazib berilishiga umid qilamiz”, — dedi u.

Shuningdek, Hindistonda epidemiologik vaziyat keskinlashsa, vaksinalar boshqa mamlakatlardan olib kelinishi mumkinligi aytildi.

“Agar Hindistonda vaziyatni qoʻlga olish qiyinlashsa, unda muqobil variantlarni koʻrib chiqish masalasi global miqyosda muhokama qilinmoqda. Chunki, ushbu vaksina Koreya Respublikasida ham ishlab chiqariladi. Shu bilan birga boshqa variantlar ham koʻrib chiqilmoqda. Umid qilamizki, yaqin kunlarda bu hal boʻladi. Biz logistika va boshqa barcha tashkiliy jarayonlarni hal qilganmiz. Asosiysi yetarli miqdorda vaksinalar ishlab chiqarilishida, vaksina tayyor boʻlishi bilan biz yetkazib berish chorasini koʻramiz”, — dedi Munir Mamedzade.

COVAX dasturi boʻyicha Oʻzbekistonga 2 mln. 256 ming doza AstraZeneca vaksinasini yetkazib berish reja qilingan. 17 mart kuni Toshkentda uning birinchi partiyasi — 660 ming doza qabul qilib olingan edi.

Xalqaro tashkilot rahbarining taʼkidlashicha, dasturdan tashqari vaksina xarid qilish masalasi emlash boʻyicha milliy rejaga muvofiq tartibga solinadi va hal etiladi. “Ushbu rejaga asosan joriy yil oxirigacha vaksina bilan mamlakat aholisining 20 foizini qamrab olish koʻzlangan”, — dedi YUNISEF rahbari.

Munir Mamedzadening qoʻshimcha qilishicha, Oʻzbekistondagi xorijiy tashkilotlar va diplomatik korpuslar rahbar va xodimlari gumanitar yordamdan tashqari, BMT tomonidan xarid qilingan AstraZeneca vaksinasi bilan oʻz xohishiga koʻra emlanmoqda.

CCVning maʼlumotiga koʻra, 1 apreldan shu kungacha 718 471 ming fuqaro koronavirusga qarshi emlangan.

Vaksinalar kesimida emlanish holati:

  • AstraZeneca — 323 772 nafar;
  • Xitoy-oʻzbek (ZF-UZ-VAC2001) — 391 478 nafar;
  • “Sputnik V” (Gam-KOVID-Vak) — 3221 nafar.

Latest from Blog