“Assalomu alaykum, dorning og‘ochi” – bugun Rauf Parfi tug‘ilgan kun

Rauf Parfi 1943-yil 27-sentabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi Parfi Muhammad Amin va Sakina Isabek qizi mustabid tuzum davrida ona yurti Farg‘onaning Vodil hududidan quvg‘in qilingan.

ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1960-65). Turli yillarda Kinematografiya davlat qo‘mitasi, “Oydin” gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at hamda “Yozuvchi” nashriyotlarida muharrir bo‘lib ishlagan.

Uning “Karvon yo‘li” nomli birinchi kitobi 1968-yilda nashr etilgan. Shundan so‘ng “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko‘zlar” (1978), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2000) kabi she’riy majmualari e’lon qilingan. Vafotidan so‘ng “Sakina” (2013), “Turkiston yodi” (2013) singari saylanmalari chop etilgan.

Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so‘zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o‘ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzulari – bu shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, Turk dunyosining birligidir. Bu she’riyat – XX asr shaxs shuurini, keskin fojialar dramatizmini ifodalashga jazm etgan jasoratli she’riyatdir.

Rauf Parfi K. Kaladzening “Dengiz xayoli” (1972), Bayronning “Manfred” (1973), A. Salamatning “Oltin bolta” (1974), I. Noneshvilining “Shiddat” (1976), A. Dyumaning “Uch sarboz” (pyesa, 1980), N. Hikmatning “Inson manzaralari” (1981), A. Tvardovskiyning “Zaytun novdasi” (1981), “Xotira huquqi” (1985), “Uyg‘ur shoirlari” (1986), “Ozod inson qo‘shig‘i” (1988), U. Saroyanning “Hoy, kim bor?” asarlarini hamda B. Brext, P. Neruda, G. Emin, O. Vasiyetis kabi qardosh va jahon adabiyoti namoyandalari ijodidan namunalarni tarjima qilgan.

Rauf Parfiga “Sabr daraxti” to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar yushmasining Hamid Olimjon nomidagi yillik mukofoti berilgan. 1992-yilda Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy mukofoti bilan taqdirlangan. Turkiyada Diyonat Vaqfi tomonidan o‘tkaziladigan turkiy zabon shoirlar tanlovida g‘olib bo‘lgan (1993).
Ulug‘ shoirga 1999-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan.
Rauf Parfi 2005-yil 28-mart kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

Assalomu alaykum, dorning og‘ochi

Assalomu alaykum, dorning og‘ochi
“Kuntug‘mish”dan

Ko‘nglim qorong‘udir, tevarak tutun,
Yolg‘iz boshim uzra uvullar shamol,
Ko‘zlarimni g‘ajir allaqanday tun,
Sen kimsan, nimasan, sen kimning boji? —
Aqlimni g‘ijimlar yalang‘och savol —
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.

Turkiylar, aytingiz, bizdan nima yo‘q?
Bizda yo‘q, ittifoq, bizda yo‘q birlik —
Oyoq ostidadir insoniy huquq,
Bu turkiy olamning qutlug‘ me’roji,
Oyoq ostidadir muqaddas hurlik,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.

Yovuzlar kuchlarin to‘plab shaylanar,
Ichi to‘la g‘azab, qo‘llarida tig‘,
Zamonlar aylanar, osmon aylanar,
Ona Turkistondir turklarning toji —
Aytingiz, qandayin yashaymiz ortiq,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.

Non so‘rab kelganga joningni berding,
Sendadir matonat, sendadir toqat.
Qon so‘rab kelganga shoningni berding,
Yurtingni berding sen, qattol xiroji,
O‘ldirsang, o‘zingni o‘ldirding faqat,
Assalomu alaykum, dorning og‘ochi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog