Foto: Ashraf Ghani/ Facebook

Ashraf G‘ani tez orada Afg‘onistonga qaytishga va’da berdi

/

Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani mamlakatni tark etishni “qon toʻkilishini oldini olish zarurati” bilan izohladi. Bu haqda u chorshanba kuni Facebookʻdagi videomurojaatda maʻlum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

U hozirda Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini tasdiqladi. “Men Kobulni tark etishga majbur boʻldim, poytaxtda qon toʻkilishining sababachisi boʻlishni xohlamadim”, — deya taʻkidlab, “uni qidirishgani” haqida aytdi.

“Soqchilar toliblar poytaxtga kirgani va toʻntarishga oʻxshagan bir nima boʻlgani haqida aytganida men saroyda edim”, — dedi Gʻani.

Gʻani oʻzini xoin deb hisoblamasligini taʻkidladi. “Men oʻz Vatanimga xiyonat qilmaganman va hammadan mish-mishlarga eʻtibor bermaslikni soʻrayman, biz Kobulga tinchlik tiladik va uning yoʻq qilinishini xohlamadik. Umid qilamanki, Afgʻonistondagi urush yakun topadi. Bu muvaffaqiyatsizlik uchun bizning qurolli kuchlar javobgar emas, bu butunlay siyosatchilar zimmasida”, — dedi u.

Shuningdek, u “Tolibon” bilan Kobul xavfsizligini taʻminlash va hokimiyatni tinch yoʻl bilan oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib borganini qayd etdi.

Gʻani tez orada mamlakatga qaytishga vaʻda berdi.

“Men [Birlashgan Arab] Amirliklar(i)daman, lekin yaqin kelajakda oʻz Vatanimga qaytaman”, — deya, qaytishdan oldin “boshqalar bilan maslahatlashayotganini” aytdi. Ashraf Gʻani “Afgʻonistonda adolatga erishish uchun” harakatlarini davom ettirishini taʻkidlab, afgʻonlar manfaati uchun kurashmoqchi ekanini maʻlum qildi.

Gʻani, shuningdek, katta miqdordagi pulni mamlakatdan olib chiqib ketgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.

Eslatib oʻtamiz, 15-avgust kuni “Tolibon” harakati aʻzolari Qobulga kirishi bilan Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani va uning eng yaqin yordamchilari mamlakatni tark etgan edi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston hududida Afgʻoniston etnik guruhlarining ayrim shaxslari va yetakchilari borligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Keyinroq Oʻzbekiston TIVga tegishli boʻlgan “Dunyo” axborot agentligi Oʻzbekistonda Afgʻoniston etnik guruhlarining arboblari va yetakchilari yoʻqligi haqida maʻlum qilgan.

Chorshanba kuni esa BAA Tashqi ishlar vazirligi Ashraf Gʻani oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarida ekanligi haqida xabar bergan.

Latest from Blog