/

Armaniston bosh vaziri mamlakat boshqaruvning yarim prezidentlik shakliga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi

Foto: “RIA Novosti”

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2021-yil oktabrida konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u Yerevanda o‘z tarafdorlarining mitingida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.

Pashinyan boshqaruvning parlament shaklidan yarim prezidentlik shakliga qaytish ehtimoli haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda barqarorlikni kafolatlaydi va “ichki siyosiy inqirozlar shakllanishi”ga yo‘l qo‘ymaydi.

“Nihoyat, tan olish kerak, 2015-yilda tuzilib, 2018-yilda kuchga kirgan konstitutsiya bu davr ichida ko‘plab kamchiliklarni aniqladi. Va bugun biz ko‘ryapmizki, bu konstitutsiya, afsuski, ko‘plab inqiroz imkoniyatlarini va xavflarni yaratmoqda. Oktabrda biz referendum o‘tkazmoqchimiz, uning natijasiga qarab yo yangi konstitutsiyani, yo tuzatishlarni qabul qilamiz va ular bilan boshqaruvning parlament shaklidan yarim prezidentlik shakliga o‘tamiz”, — dedi u.

Pashinyan, shuningdek, agar parlament muxolifati rozi bo‘lsa, navbatdan tashqari parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

“Agar parlament kuchlari bizning o‘tgan yil dekabr oxiri — yanvar boshida bildirgan taklifimizni qabul qilsa, unda biz navbatdan tashqari parlament saylovlariga tayyormiz. Sizga ikkinchi imkoniyatni beraman. Yuring, saylovlarga boramiz va xalq kimning iste’fosini talab qilayotganini ko‘ramiz”, — dedi bosh vazir.

Armaniston boshqaruvning yarim prezidentlik shaklidan parlament shakliga 2018-yilda o‘tgan edi, bunga 2015-yilda bo‘lib o‘tgan konstitutsiya bo‘yicha referendum asos bo‘lgan edi. Islohot natijasida prezident vakolatlari cheklanib, bosh vazir foydasiga qayta taqsimlangan edi.

Tog‘li Qorabog‘dagi urushda mag‘lubiyatga uchragach, Armanistonda siyosiy inqiroz davom etmoqda. U 25-fevral kuni bosh shtab Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilganidan keyin kuchaydi. Bunga bosh vazir uning Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan “Iskander” raketalari Qorabog‘da samara bermagani haqidagi gaplarini tanqid qilgan bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosarini ishdan bo‘shatgani sabab bo‘ldi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog