/

Armaniston bosh vaziri iste’foga chiqdi

1 daqiqada oʻqiladi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muddatidan oldin parlament saylovlarini oʻtkazish uchun 25 aprel kuni isteʼfoga chiqdi. Siyosatchining taʼkidlashicha, bu vaqt davomida u Vazirlar Mahkamasi rahbari vazifasini bajarishda davom etadi, deb xabar berdi TASS.

“Prezident va siyosiy kuchlar bilan kelishuvga binoan men bugun 20 iyun kuni muddatidan oldin parlament saylovlarini oʻtkazish uchun isteʼfoga chiqaman. Parlament ketma-ket ikki marta yangi bosh vazirni saylamaydi, shundan soʻng qonun chiqaruvchi hokimiyat qonun kuchi bilan tarqatib yuboriladi va muddatidan oldin saylovlar tayinlanadi”, — dedi u.

Shu bilan birga, Nikol Pashinyan vaqtinchalik vazifani bajaruvchi maqomiga qaramay, u kabinet rahbari vakolatlarini toʻliq bajarishda davom etishini taʼkidladi. “Muddatidan oldin oʻtkaziladigan saylovgacha men Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq bosh vazirning vazifalarini toʻliq bajaraman”, — dedi u.

Uning ortidan, texnik protsedura doirasida hukumat ham isteʼfoga chiqdi.

Vazirlar Mahkamasi rahbari muddatidan oldin parlament saylovlarida “Grajdanskiy dogovor” partiyasidan hukumat rahbari lavozimiga nomzod sifatida qatnashishini qoʻshimcha qildi.

18 mart kuni Nikol Pashinyan respublika prezidenti Armen Sarkisyan va uchta parlament fraksiyalari rahbarlari bilan boʻlgan maslahatlashuvlardan soʻng, muddatidan oldin parlament saylovlari 20 iyun kuni boʻlib oʻtishini eʼlon qildi. Istefodan keyin Nikol Pashinyan texnik jihatdan yana oʻz nomzodini ilgari suradi va parlament fraksiyalari yangi bosh vazirni ikki marta saylamaydi. Shundan soʻng, mamlakat qonunchilik organi tarqatib yuboriladi va respublika prezidenti muddatidan oldin saylovlar oʻtkazish uchun yangi sanani belgilaydi.

Armaniston parlamenti spikeri Ararat Mirzoyan dushanba kuni saylov kodeksiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi. Unga koʻra bundan buyon mamlakatda saylovlar proporsional tizim asosida oʻtkaziladi. Hujjat 1 aprel kuni parlament tomonidan maʼqullangan, prezident Armen Sarkisyan uni imzolashdan bosh tortgan, ammo shu bilan birga konstitutsiyaviy sudga yangilikning asosiy qonunga muvofiqligi toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilmagan. Armaniston konstitutsiyasiga koʻra, agar prezident qonunni imzolamasa va Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilmasa, parlament spikeri davlat rahbari oʻrniga qonunni imzolashi mumkin.

Latest from Blog