AQSHning Smitsonian instituti mutaxassislari tomonidan Ichan qalʼa muzeyi xodimlariga oʻquv mashgʻulotlari tashkil qilindi

2020-yilning oktyabr oyidan AQSHning Smitsonian instituti tomonidan Ichan qalʼa davlat muzey qoʻriqxonasi ilmiy xodimlari uchun sohada zamonaviy ilgʻor tajribalarni oʻrgatuvchi virtual trening mashgʻulotlari tashkil etilgan edi. Ushbu trening mashgʻulotlar muzey xodimlarini xalqaro tajribalarni oʻrganishida alohida ahamiyat kasb qildi. Ushbu oʻquv treningi 3 yoʻnalishda xalqaro mutaxassislar tomonidan olib borildi.

Uch mavzuga boʻlingan seminar treninglari quyidagi mavzularni oʻz ichiga oldi: Xavfsizlik va riskni oldini olish, koʻrgazmalarni tashkil qilish va ularni talqin qilish hamda muzey kolleksiyalarni muhofaza qilish va saqlash.

Xavfsizlik va riskni oldini olish mavzusidagi darslarni Smitsonian instituti xodimi va uning himoyalash xizmatining jismoniy xavfsizlik dasturining mutaxassisi Jon Luhman va xavfsizlik sohasida oʻttiz yillik tajribaga ega mutaxassis Frank V. Sulzerlar olib bordi.

Smitsonian milliy tabiiy tarix muzeyi koʻrgazmalar boʻyicha direktorning yordamchisi Mayk Lourens va muzeyning “Devid H. Koch fotoalbomlar zali”ning asosiy koʻrgazmasi muallifi va muharriri Angela Roberts Rider tomonidan tashkil qilingan navbatdagi trening muzeyda koʻrgazmalarni tashkil qilish va ularni talqin qilish mavzusiga bagʻishlandi.

Ichan qalʼa muzeyining 15ga yaqin xodimi ishtirok etgan oʻquv mashgʻulotlari muzey kolleksiyalarni muhofaza qilish va saqlash boʻyicha ham kasbiy mahoratlarini oshirishdi. Bunda ularga amerikalik hindularning Smitsonian milliy muzeyi xodimi Emili Kaplan, “Afrika — Amerika” tarixi va madaniyati milliy muzeyining loyiha menejeri Laura Manaker hamda Delaver universiteti sanʼatni muhofaza qilish dasturining bitiruvchis Rebeka A. Kaczkowski koʻmaklashdi.

Oʻquv mashgʻulotlarida qatnashgan muzey xodimlariga xalqaro standartdagi sertifikatlar topshirildi va kelgusida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Xivada integratsiyalashgan madaniy meros loyihasi doirasida AQSH Smitsonian instituti bilan xalqaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Keyingi qadam — 2021-yilda Ichan qalʼa muzey qoʻriqxonasining 20 ta ilmiy xodimlari 3 oy davomida AQSH Smitsonian instituti tomonidan maxsus tayyorlangan ingliz tili kurslarida oʻqib, shulardan 6 nafarini muzey sohasida AQSH tajribasini oʻrganish uchun Smitsonian institutiga 3 oyga safarga yuborilishi rejalashtirilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog