Foto: “Dunyo” agentligi

AQShdan O‘zbekistonga taqdim etilgan gumanitar yordamning ikkinchi qismi olib kelindi

16-avgust kuni pandemiyaga qarshi kurashish doirasida Buxoro yahudiylarining butunjahon kongressi shafeligida Global Jewish Assistance and Relief Network fondi tomonidan taqdim etilgan insonparvarlik yordamining ikkinchi qismi Toshkentdagi Islom Karimov xalqaro aeroportiga olib kelindi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.

Beg‘araz yordamning ikkinchi jo‘natmasi tarkibiga 31,2 ming dona №95, 4 ming dona KN95 va 102 ming dona uch qatlamli ASTMF2100 Level 1 markali, jami 137,2 ming dona tibbiy niqoblar kiritilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu fond taqdim etgan yordam doirasida O‘zbekistonga jami 271,2 ming dona tibbiy niqob keltirildi. Yuk koronavirusning yangi to‘lqinlari va mutatsiyalariga qarshi kurashish doirasida O‘zbekiston tibbiyot muassasalarining tibbiy ta’minot zaxiralarini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida jo‘natilgan.

Yukning ikkinchi qismini Nyu-Yorkdan Toshkentga yetkazib berish UMT GlobalLogistics LLC yuk tashish kompaniyasi direktori Akmaljon Jumaboyevning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan.

Beg‘araz yordam yuki O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi va Isroildagi elchixonasi diplomatlari ko‘magida shakllantirildi va jo‘natilgan. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga taqdim etilgan tibbiyot maskalarini respublikaning tegishli tibbiyot muassasalariga yetkazib berish ta’minlanadi.

Latest from Blog