Foto: Sof.uz

AQSHda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid quriladi

Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi (AQSH) Bosh konsulxonasi vakillari Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbir davomida zarur huquqiy-konsullik maslahatlari berilib, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, vatandoshlarimizga 10 dan ortiq interaktiv va axborot konsullik xizmati olish imkonini beruvchi consulate.mfa.uz veb-portali konsullik xizmatlari taqdim etildi.

Diplomatlar yurtdoshlarimizga respublikada siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi. Mamlakat rahbariyati tomonidan xorijda mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga har tomonlama yordam koʻrsatish, shuningdek, oʻzbek muhojirlari salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyoti jarayonlariga keng jalb etish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Bosh konsulxona vakillari “Hamkor Uz Cincinati Association” oʻzbek diasporasi tashkiloti rahbariyati va faollari bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Milliy bayramlar va respublikamizda oʻtayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealar munosabati bilan birgalikda tadbirlar tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro kelishuvga erishildi. Tomonlar Amerika jamoatchiligi orasida oʻzbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi haqida koʻproq maʼlumot tarqatishga qaratilgan qoʻshma saʼy-harakatlar rejasini ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.

Muloqot davomida Bosh konsulxona delegatsiyasi Sinsinnati shtatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi Oʻzbekiston jome masjidi qurilishiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan ham tanishdi. “Hamkor Uz Cincinati Association” mulki oʻlaroq 8665 State Route 48, Maineville, Ohio 45039 manzilida joylashgan 2,7 gektar maydon koʻzdan kechirildi.

Ayni paytda “Hamkor Uz Cincinati Association” oʻzbek diasporasi tashkiloti Ogayo shtatining arxitektura va qurilish kompaniyalari oʻrtasida qurilajak binoni loyihalash va dizayn smetalarini tayyorlash boʻyicha tanlov eʼlon qilgan. Majmua hududida 600-700 kishiga moʻljallangan ibodat uchun asosiy bino, tahorat olish xonalari va boshqa maxsus yordamchi inshootlar va 100 dan ortiq avtomobil uchun toʻxtash joyi barpo etiladi. Shuningdek, majmuada “Hamkor Uz Cincinati Association” oʻzbek diasporasi vakolatxonasi hamda oʻzbek tili va adabiyoti, odobnoma va boshqa fanlar boʻyicha vatandoshlarimiz farzandlari oʻqiydigan sinf xonalari joylashadi.

Loyiha Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashovchi vatandoshlar tomonidan amalga oshiriladigan ehson mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

“Hamkor Uz Cincinati Association” rahbariyatiga vatandoshlarimizning Sinsinnati shahrida oʻzbek masjidini qurish boʻyicha tashabbusi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan olqishlanishi va bu masala yuzasidan respublika diniy idorasi diaspora tashkiloti bilan ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligi maʼlum qilindi. Masjid qurilishi yakunlangach, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi respublika imom-xatiblaridan birini ushbu maskanda diniy xizmatlarni bajarishga yuborish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligi ham qayd etildi.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida vatandoshlarimiz bolalarni oʻqitish uchun besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi, ushbu olis diyorda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan taqdimot materiallari va milliy ramzlar “Hamkor Uz Cincinati Association” oʻzbek diasporasiga topshirildi.

Latest from Blog