AQShda pandemiya davrida oilaviy zoʻravonlik koʻlami oshgan

“Amerika Ovozi”ning yozishicha, koronavirus davrida Amerikaning kamida 14 yirik shahrida oilaviy zoʻravonliklar borasida shikoyat oshgan.

oilaviy zoʻravonlik
pics.ru

Xabarda keltirilishicha, AQShda jabrlanuvchilarni himoya qiluvchi qonunlar koʻp, ammo bu muammoga qarshi kurashga asosan nohukumat tashkilotlar yetakchilik qiladi. Statistikaga koʻra, bu mamlakatda ayollarning chorak qismi hayotida kamida bir marotaba oʻz yaqini tomonidan doʻpposlangan, jarohatlangan yoki boshqa ogʻir azobni boshdan kechirgan.

“Nega bosh koʻtarib ketmading, deyishadi. Yoki balki oʻziga ham shu kerakdir, balki oʻziga ham shu yoqar, deyishadi. Bilishmaydiki, bu bir charxpalak”. Oilaviy zoʻravonlikdan jabr chekkanlardan birining nolasi.

“Portlash arafasida turgan bomba ustida yashayotgandeksiz”, — deydi jabrlanuvchilardan biri.

Qochib qutulish aytishga oson, amalda nihoyatda qiyin.

“Oxiri tushundimki, agar ketmasam, ajrashmasam, bir yildan uzoq yashay olmas edim. U meni oʻldirgan boʻlar edi. Yo oʻzimni oʻldirar edim. Yoki asablarim ishdan tamoman chiqib, aqldan ozar edim yoki biror davosiz kasallikka uchrab, nobud boʻlar edim”. Bu gaplar pandemiyadan oldin aytilgan. Ishxona, hamkasblari va yaqinlari uni zulmdan sal boʻlsa-da uzoqda saqlar edi. Yordam istasa, kimdir kelib holidan xabar olar edi.

Koronavirus davrida madad istash yanayam qiyinlashdi.

“Zoʻravon tomon virusni qoʻlidagilarni yana-da ezish uchun qoʻllay boshladi”, — deydi Amanda Katz, mahalliy nohukumat tashkiloti rahbari.

“Jabrlanuvchilar koʻchaga chiqa olmaydi. Zoʻravon tomon chiqarmaydi ham. Chiqsang, qaytmaysan, deydi”.

“Hozir yordam soʻrab kelayotganlar koʻpaygan. Tahdid darajasi oshgan. Kimdir qattiq boʻgʻilgan. Kimnidir qurol bilan oʻldirmoqchi boʻlishgan. Nafrat, gʻazab, shafqatsizlik darajasi oshgan”, — deydi Tomas Manion, Merilend shtatidagi maxsus boshpana rahbari.

Ishsizlar koʻpaygan hududlarda muammo koʻlami yana-da keng.

“2019-yilda yordam soʻrab telefon qilganlar bilan bu yilgilarini qiyosladik. Mart, aprel va may oylarida 7,5 foizga oshgan. Demografik omillarga eʼtibor qaratdik. Yangi oilalarda vaziyat ayniqsa murakkab ekanini aniqladik”, — deydi tadqiqotchi olima Emili Lezli.

Huquq tartibot organlariga koʻra, ezilayotganlar orasida bolalar koʻp.

“Oldinlari yosh avlod maktabga borganida, koʻchaga chiqqanida kimgadir dardini aytishi mumkin edi. Muallimlar, doʻstlar xabar topardi. Hozir bechora bolalar uyiga tiqilib qolgan. Muammo haqida uyidagilardan boshqa hech kim bilmaydi”, — deydi Merilend politsiya boʻlimidan Debbi Faynstayn.

Madad beriladi, agar soʻralsa.

Jabrlanuvchilar maxsus raqamlarga telefon qilishi kerak. Himoya choralari qoʻllanadi. Terapevtlar bor. Onlayn yordam yoʻlga qoʻyilgan.

“Jabrlanayotganlarga vaziyatdan qanday chiqish mumkinligi haqida maslahat beramiz. Oʻzini himoya qilish usullari, zoʻravonlikdan qochish va ehtiyotkorlik haqida gaplashamiz. Oson emas hech biriga”, — deydi Natali Ueyd, virtual xizmat koʻrsatuvchi tashkilot rahbari.

Zoʻravonlar changalidan qutulganlar koʻp. Hammasi oʻziga xos murakkab jarayonlardan omon chiqqan.

“Inson ruhan barbod boʻladi. Oʻzingizga ishonchingiz chilparchin, umidsizlik, qadrsizlik. Odam kimligini ham unutadi. Ezilayotganlarga aytamanki, oʻzingizni shundan asrang. Inson ekanimizni, hech kimga kerak boʻlmagan bir narsa emasligimizni unutmasligimiz kerak. Kimdir sizni ursa yoki azoblasa, oʻzingizni aybdor his qilmang. Vaziyatdan chiqish, oʻzingizga kelish juda qiyin, ammo chiqish mumkin, hayotni tiklash mumkin”, — deydi yangi sahifa ochib, oldinga harakat qilayotgan ayol.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog