Foto: Interfax.uz / Ikhtiyor Rakhman

AQSh uchta Rossiya kompaniyasiga sanksiyalar joriy etdi. Ulardan biri O‘zbekistonga uskunalar yetkazib beradi

/

AQSh Davlat departamenti Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga ommaviy qirgʻin qurollari tarqatilmasligi toʻgʻrisidagi qonun doirasida Rossiyaning uchta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Davlat departamentining bu haqdagi xabarnomasi Federal reyestrda eʼlon qilindi, hujjatning oʻzini 10-avgust kuni eʼlon qilish rejalashtirilmoqda.

Yangi cheklovlar Rossiyaning quyidagi uch kompaniyasiga qarshi joriy etilmoqda:

  • “Pulsar” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi — Rossiyaning yirik yarimoʻtkazgichli elektronikalar ishlab chiquvchisi;
  • Xalqaro tashkilotlar va Rossiya ichi charter reyslarini tashkil etish bilan shugʻullanuvchi Charter Green Light Moscow aviatashuvchisi;
  • Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston korxonalariga jihozlar, uskunalar va neft-kimyo mahsulotlari yetkazib beruvchi Asia-Invest kompaniyasi.

Amerika hukumati yuqoridagi uch tashkilotga nisbatan aynan qanday eʼtirozlari borligini aniqlashtirgani yoʻq.

Sanksiyalar roʻyxatiga Rossiya kompaniyalaridan tashqari, Suriya va Iroqning kompaniya va tashkilotlar, jumladan harbiy tuzilmalari ham kiritilgan.

Forbesning aniqlik kiritishicha, sanksiyalar toʻgʻrisidagi qaror 29-iyul kuni kuchga kirgan. Sanksiyalar doirasida AQShning har qanday davlat idoralariga ushbu kompaniyalar bilan shartnomalar tuzish va ularga yordam koʻrsatish taqiqlanadi. Cheklovlar davlat kotibi boshqa biror qaror qabul qilmasa, ikki yil davomida amalda boʻladi.

Latest from Blog