AQSH Sardoba suv ombori falokatidan aziyat chekkan oilalarga yordam beradi

AQSH hukumati, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) qoshidagi Tabiiy ofatlarda yordam koʻrsatish boshqarmasi orqali, eng muhim qishloq xoʻjaligi hududlarining biridan oʻn minglab kishilarning koʻchirilishiga sababchi boʻlgan Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori qisman oʻpirilishi natijasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. USAID mahalliy bir tashkilotga tabiiy ofatdan zarar koʻrgan oilalarga muhim yordam vositalari sotib olish va yetkazib berish uchun 100 000 dollar ajratmoqda. Suv ombori oʻpirilishi va uning oqibatlarini bartaraf etishda kamida toʻrt kishi halok boʻldi.

2020-yil 1-may kuni kuchli yomgʻir va dovul Toshkent janubidagi Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborining bir qismi oʻpirilishiga olib keldi. Uy xoʻjaliklari, ijtimoiy infratuzilma, yoʻllar, energetika, aloqa va suv tizimlariga koʻrsatgan ziyondan tashqari, toshqin hududdagi qishloq xoʻjaligi infratuzilmasiga ham zarar keltirib, paxta, don-dun va poliz mahsulotlariga oʻz taʼsirini oʻtkazdi, bu esa fermerlarning daromadlari va viloyat iqtisodiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

AQSH hukumati bu mablagʻdan foydalanib suv ombori oʻpirilishi natijasida oʻz uylaridan koʻchirilgan muhtoj oilalarga oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni tarqatish orqali Oʻzbekistonga mazkur inqirozdan qutulish va qayta tiklanishda yordam beradi. Favqulodda koʻmak boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllashdan tashqari, USAID Oʻzbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodini diversifikatsiyalash, mintaqaviy savdoni kuchaytirish, sogʻliqqa jiddiy tahdidlarni bartaraf etish hamda aholi ehtiyojlarini qondirish uchun hukumat imkoniyatlarini shakllantirish boʻyicha hamkorlik qiladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog