Foto: iMag.one

AQSh Rossiyadagi Amerika konsulxonalarining 180 dan ortiq xodimini ishdan bo‘shatadi

//

AQSh Rossiyadagi Amerika diplomatik missiyasining 182 nafar xodimini ishdan bo‘shatadi. Bunga Moskvaning AQShga chet elliklarni va uchinchi davlat fuqarolarini ishga yollashni taqiqlagani sabab bo‘lmoqda.

“Avgust oyidan boshlab Rossiya hukumati AQShga qo‘riqchilardan tashqari, Rossiya yoki uchinchi davlatlar fuqarosi bo‘lgan xodimlarni ishda qoldirish yoki yollashni taqiqladi. Shu sababli Moskva, Vladivostok va Yekaterinburgdagi diplomatik vakolatxonalarimizdan 182 nafar mahalliy xodimni ishdan bo‘shatishga majbur ekanimizdan xafamiz. AQSh Rossiya bilan oldindan aytib bo‘ladigan va barqaror munosabatlarni saqlab qolishda o‘z majburiyatlarini bajaradi”, — dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.

Blinken xodimlarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi hamda bunday ishdan bo‘shatish Rossiya hukumati qarorlarining bevosita natijasi ekanini ta’kidladi.

Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi so‘nggi marta 15-aprel kuni, Amerika prezidenti Jo Bayden Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritganidan keyin yuz berdi. Yangi sanksiyalar Rossiyaning AQShdagi 2020-yilgi prezidentlik saylovlariga aralashishi, AQSh hukumat idoralariga qilingan kiberhujum va Rossiyaning Afg‘onistondagi amerikaliklarga qarshi “Tolibon” jangarilari bilan til biriktirgani bilan bog‘liq.

Shuningdek, AQSh mamlakatdan 10 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilishi haqida e’lon qildi. Bunga javoban Moskva ham 10 nafar amerikalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida o‘zaro qaror qabul qilganini e’lon qildi.

Diplomatlarni chiqarib yuborish bilan bir qatorda, Rossiya AQSh diplomatik vakolatxonalariga Rossiya va uchinchi mamlakatlar fuqarolarini ma’muriy va texnik ishchilar sifatida yollashni taqiqladi.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilinishidan sal avvalroq Putin va Bayden o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan edi, unda AQSh prezidenti Putin bilan shaxsan uchrashishni va Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qilishni taklif qildi.

16-iyun kuni Vladimir Putin va Jo Bayden Jenevada Rossiya va Amerika prezidentlari sifatida birinchi marta uchrashuv o‘tkazdi. 28-iyul kuni Jenevada AQSh va Rossiya vakillari strategik barqarorlik bo‘yicha Rossiya—Amerika maslahatlashuvlari doirasida o‘zaro muloqotlarni davom ettirdi. Ikki davlat urol-yarog‘ ustidan nazoratni muhokama qildi. Ta’kidlanishicha, muzokaralarda AQSh Rossiya bilan konstruktiv muloqotga tayyorligini namoyish etgan.

Latest from Blog