/

AQSh Pekinda o‘tkaziladigan 2022-yilgi qishki Olimpiadani boykot qilishi mumkin

Foto: Insidethegames.biz

AQSh rasmiylari Pekin—2022 qishki Olimpiadasini boykot qilish haqida o‘ylamoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays ma’lum qildi.

“Biz boykot qilish fikrini ittifoqchilarimiz bilan muhokama qilmoqchimiz”, — dedi Prays Olimpiada hamkor davlatlar bilan birgalikda boykot qilinadimi, degan savolga javoban.

Ammo keyinchalik Prays Twitter’da “2022-yilgacha hali ancha bor” deb yozdi, shuning uchun hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi. “Ammo biz umumiy muammolarimizni aniqlash va Xitoyga umumiy yondashuvimizni ishlab chiqish uchun ittifoqchi va hamkorlarimiz bilan yaqindan maslahatlashishda davom etamiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 200 ga yaqin inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari  Xitoyda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 2020-yilgi Olimpiadani boykot qilishga da’vat qilgan edi. Buning sababi Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida inson huquqlari ommaviy ravishda buzilgani haqidagi xabarlar bo‘lib, ularda milliondan ortiq musulmon uyg‘urlar asirlik lagerlarida saqlanayotgani ta’kidlangan.

AQSh Davlat departamentining 30-mart kuni e’lon qilgan inson huquqlari bo‘yicha yillik hisobotida Xitoyning Shinjondagi siyosati “genotsid” deb ta’riflandi. “Xitoy hukumat idoralari asosan musulmon bo‘lgan uyg‘urlarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, shu jumladan, qamoq, qiynoqlar, majburiy sterilizatsiya, uyg‘urlar va boshqa diniy hamda etnik ozchiliklar vakillarini ta’qib qilish singari harakatlarni amalga oshirmoqda”, — deyiladi hisobotda.

AQSh avval ham bir marta — 1980-yili Moskvada o‘tkazilgan Olimpiadani boykot qilgan edi. Ushbu qaror Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishi tufayli qabul qilingan. AQSh Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) Kongress bosimi ostida 1980-yilgi Olimpiadani boykot qilishga qaror qilgan, so‘ngra AQShning ittifoqchi mamlakatlaridagi Olimpiya qo‘mitalari ham xuddi shunday qarorni qabul qilgan.

AQSh MOQ shu hafta boshida boykotga qarshi chiqdi. “Buning sportchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi avval isbotlangan, shu bilan birga, global muammolarni ham hal qilmaydi”, — deyiladi MOQ xabarida. “Bizning fikrimizcha, dunyo va Xitoy hukumatlari uchun inson huquqlari va geosiyosiy masalalar bilan bevosita shug‘ullanish ancha samarali harakat yo‘nalishi bo‘ladi”.

XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari Pekin shahrida 2022-yil 4—20-fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. 2015-yil 31-iyulda Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sessiyasida Xitoy poytaxti navbatdagi o‘yinlar o‘tkaziladigan joy sifatida tanlangan edi.

Latest from Blog