Amerika Qo’shma Shtatlari koronavirusga qarshi kurashish maqsadida Oʻzbekistonga 1 214 460 doza “Pfizer” vaksinasini hadya qildi. Bu haqda Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu hadya Amerika Qoʻshma Shtatlart hukumatining koronavirus bilan bogʻliq global COVAX tashabbusi orqali dunyo boʻylab begʻaraz tarqatgan xavfsiz va samarali 500 million doza vaksinaning bir qismidir.
“Biz iloji boricha koʻproq aholiga xavfsiz va samarali vaksinalar yetkazish uchun tezkor faoliyat olib bormoqdamiz. Dunyo boʻylab emlash qamrovini oshirish pandemiyadan chiqishning eng yaxshi yoʻlidir. Hadya qilingan bu vaksinalar odamlar hayotini saqlaydi, jahon iqtisodini tiklaydi va COVID-19ning yangi variantlari tahdidini toʻxtatishga yordam beradi”, deydi AQSH elchisi Daniel Rozenblyum.
Ushbu hadya AQSH 2021-yil 30-iyul kuni Oʻzbekistonga sovgʻa qilgan uch milliondan ziyod “Moderna” vaksinasiga qoʻshimchadir. Shuningdek, COVAX doirasida AQSH hukumati qisman moliyalashtirgan “AstraZeneca” vaksinasining bir millionga yaqin dozasi ham Oʻzbekistonga yetkazib berildi.
Bundan tashqari, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) ushbu vaksinalarni xavfsiz va samarali tarqatishda, jumladan, tibbiyot xodimlarini oʻqitish, vaksinanani kerakli yerga yetkazish hamda odamlarni emlanishga ragʻbatlantirishda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Pandemiya boshlanganidan buyon USAID keng koʻlamli testlar uchun milliy laboratoriya tizimlarini kuchaytirish, laboratoriya va sogʻliqni saqlash muassasalarida infeksiyalarni nazorat qilish, diagnostika qobiliyatini oshirish, COVID-19 kuzatuvi va unga tezkor javob berishni yaxshilash, infeksiya yuqtirgan odamlarni davolashni kuchaytirish, jamoatchilikning koronavirus haqidagi xabardorligini oshirish hamda jamoa ishtiroki va koʻngillilarni safarbar qilishda Oʻzbekiston bilan yaqindan ish olib bordi.
AQSH butun dunyo boʻylab 140 milliondan ortiq COVID-19 vaksinasi tarqatdi va kelgusida yana yuz millionlab vaksina yetkazib beradi. Qoʻshma Shtatlar COVAX global vaksina tashabbusi doirasida eng yirik yagona donor hisoblanadi.