//

AQSH Navalniy zaharlanishi sababli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar eʼlon qildi

Foto: Zakon.kz

AQSH Savdo vazirligi Britaniyaning Solsberida Sergey hamda Yuliya Skripallar va muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi sababli Rossiyaga qarshi yangi eksport cheklovlarini eʼlon qildi. Bu haqda tashkilot veb-saytida aytilgan.

“Rossiya hukumati oʻz chegaralarida va tashqarisida dissidentlarga qarshi noqonuniy asab agentlarini qoʻllash orqali Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi konvensiya boʻyicha oʻz majburiyatlarini buzmoqda, shuningdek oʻz fuqarolari va boshqa davlatlarning fuqarolarini oʻlim xavfiga duchor qilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Sanksiyalar 18-martdan kuchga kiradi. Cheklovlar Rossiyaga milliy xavfsizlik bilan bogʻliq tovarlar, shuningdek uskunalar, texnologiyalar va dasturiy taʼminot eksporti hamda reeksportiga taʼsir qiladi.

Mart oyining boshlarida AQSH Navalniy ishi boʻyicha Rossiya, Germaniya va Shveysariyaning 14 tashkilotiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Sanksiyalar roʻyxatiga Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining 27-ilmiy markazi, “Himmed”, “Femteko”, “Interlab”, “Labinvest”, “Analyt Products”, “Intertech Instruments”, “Rau Pharm” kompaniyalari kiradi. Bundan tashqari, Germaniyaning uchta tashkiloti — ChimConnect Gmbh, Pharmcontract va Riol-Chemie, bittasi Shveysariyadan ChimConnect AG kompanisidir. Vashington ushbu tashkilotlar ommaviy qirgʻin qurollari va kimyoviy qurollarni yaratish va tarqatishda ishtirok etgan boʻlishi mumkin deb hisoblaydi.

AQSH Gʻaznachiligi bundan oldinroq Rossiyaning yettita amaldoriga, jumladan, Federal jazoni ijro etish xizmati rahbari, Prezident maʼmuriyati ichki siyosat boʻlimi boshligʻi Aleksandr Kalashnikov, Andrey Yarin, bosh prokuror Igor Krasnov, FSB direktori Aleksandr Bortnikovm, prezident maʼmuriyati Sergey Kiriyenko va boshqarmaning birinchi oʻrinbosariga qarshi sanksiyalarni joriy qilgan edi. Shuningdek, ushbu sanksiyalar roʻyxatiga Mudofaa vazirligining 33-markaziy tadqiqot instituti, Mudofaa vazirligining 27-ilmiy markazi, Rossiya davlat organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti ham kiritilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog