U.S. Secretary of State Antony Blinken speaks during a news conference at the end of a NATO Foreign Affairs Ministers meeting at NATO headquarters in Brussels, Wednesday, March 24, 2021. (Olivier Hoslet, Pool Photo via AP)

AQSh ittifoqchi davlatlar bilan Afgʻonistonni muhokama qiladi

/

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afgʻonistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun Qatar va Germaniyaga yoʻl olmoqda, deb yozadi Amerika Ovozi nashri.

Bosh diplomat afgʻon qochqinlarini evakuatsiya qilishda muhim rol oʻynagan Qatarga minnatdorchilik bildiradi, Germaniyada AQSh askarlari va afgʻon qochqinlari bilan koʻrishadi.

Shuningdek, Entoni Blinken va Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas 20 davlat vazirlari bilan virtual majlisga boshchilik qiladi. Blinkenga koʻra, bu davlatlarning bari “afgʻonlarni koʻchirish va joylashtirish, Tolibon oʻz vaʼdalarini bajarishini taʼminlashdan manfaatdor”.

Toliblar mamlakatni tark etish istagida boʻlgan afgʻonlarga yoʻl ochib berishga vaʼda bergan, ammo aksar afgʻonlar bunga ishonmaydi.

Blinken AQShning Afgʻonistonda missiyani tugatish qarorini yana bir bor himoya qildi. Mamlakatda qolgan oz sonli amerikaliklar bilan aloqadamiz, deydi u.

“Doxada yangi guruhimiz ishga tushgan. Afgʻonistondagi har bir amerikalik ishi bilan shugʻullanuvchi shaxslar tayinlangan”, — deydi diplomat.

Uning aytishicha, Davlat departamenti evakuatsiya paytida Afgʻonistondagi amerikaliklarga 19 marta murojaat qilgan. Ularning aksariyati ikki fuqarolikka ega va ketish-ketmaslik toʻgʻrisida ikkilanmoqda.

Tolibon Kobulni bosib olganidan soʻng evakuatsiya qanday kechgani respublikachi qonunchilar va huquq tashkilotlari tomonidan tanqidga uchradi. Amerikaning oxirgi samolyoti va askarlari 30-avgust kuni Afgʻonistonni tark etgan. Taxminan 200 amerikalik va urushda AQShga yordam bergan ayrim afgʻonlar mamlakatda qolgan.

AQSh Mudofaa Lloyd Ostin ham Fors koʻrfazidagi ittifoqchi davlatlarga evakuatsiya boʻyicha koʻmagi uchun minnatdorchilik bildirish uchun safarga otlanmoqda. U Qatar, Bahrayn, Kuvayt va Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi.

Qatar Kobul xalqaro aeroportini qayta ishga tushirishga koʻmaklashmoqda.

“Yaqin orada aeroport ish boshlashiga umid qilyapmiz”, — deydi Qatar Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon al-Tani.

Vazir Tolibonni “afgʻonistonliklarning xavfsiz va erkin harakatlanishini taʼminlash uchun oʻz majburiyatlarini namoyish etishga” chaqirdi.

Tolibon bilan yaqin aloqalarga ega Qatar Afgʻonistondan minglab odamni koʻchirishda yetakchi rol oʻynagan mamlakatlardan biridir.

Abdulrahmon al-Taniga koʻra, Qatar yirik davlatlar bilan Kobul aeroportida tijoriy parvozlarni davom ettirish toʻgʻrisida muzokara qilmoqda. Aviakompaniyalar bunga rozi boʻladimi, yoʻqmi, nomaʼlum.

Afgʻonistonning “Ariana havo yoʻllari” kelasi hafta ichki reyslarni boshlashi kutilmoqda.

Qatar va Turkiyadan bir guruh texnik xodimlar aeroportni ochishda koʻmaklashish uchun shu hafta Kobulga yetib keldi. Xohlaganlar mamlakatni tark etishi va mamlakatga gumanitar yordam yetkazilishi uchun parvozlar muhim deya koʻrilmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 12-sentyabr kuni Afgʻoniston ehtiyojlariga bagʻishlangan yuqori darajadagi konferensiyaga boshchilik qiladi. Afgʻonistondagi 38 million aholining qariyb yarmi gumanitar yordamga muhtoj.

Latest from Blog