//

AQSh Iroq va Suriya chegarasidagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga aviazarbalar berdi

AQSh harbiy havo kuchlari Iroq—Suriya chegarasidagi obyektlarga qarshi havo hujumlari uyushtirdi. Obyektlar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga tegishli bo‘lgan.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, tegishli ko‘rsatmani AQSh prezidenti Jo Bayden bergan.

“Eron qo‘llab-quvvatlaydigan guruhlar tomonidan AQShning Iroqdagi manfaatlariga qarshi uyushtirilgan ketma-ket hujumlarni inobatga olgan holda, prezident bunday hujumlarni to‘xtatish va oldini olish uchun qo‘shimcha harbiy choralar ko‘rishni buyurdi”, — dedi Pentagon vakili.

Kirbi AQSh havo hujumlarini boshlashda o‘zini himoya qilish huquqiga muvofiq harakat qilganini ta’kidladi. “Zarbalar tahdidni bartaraf etish uchun zarur edi, shu bilan birga tegishli doirada cheklangandi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xabarda ta’kidlanishicha, zarbalar ikki davlat chegarasi yaqinidagi, xususan, Suriyadagi ikkita va Iroqdagi bitta operatsion obyekt va qurol-yaroq omborlariga qaratilgan. “Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir necha qurolli guruhlar, jumladan ‘Kataib Hizbulloh’ va ‘Kataib Sayid ash-Shuhada’ ushbu obyektlardan foydalangan”, — dedi Kirbi.

Pentagonning rasmiy vakili Jessika Maknaltining aytishicha, AQSh havo hujumlari to‘g‘risida boshqa davlatlarni xabardor qilgan. “Mintaqamizdagi va boshqa mintaqalardagi ittifoqchilarimiz hamda sheriklarimizga bo‘lgan hurmatimiz tufayli jangovor harakatlarimiz to‘g‘risida ularga xabar yubordik”, — dedi u.

Shu bilan birga, Maknalti Rossiya tegishli bildirishnomani olgan-olmaganiga aniqlik kiritmadi. SANA agentligining xabar berishicha, Suriyaning sharqidagi Dayr-az-Zor viloyati hududiga uyushtirilgan havo hujumi natijasida bir bola halok bo‘ldi va yana uch nafar tinch fuqaro jarohat oldi. Al-Ikhbariya telekanali ushbu ma’lumotni tasdiqladi, shuningdek, turar joy binolari havo hujumiga uchraganini xabar qildi.

Fikr bildirish

Latest from Blog