/

AQSH BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga qaytmoqchi

Foto: AFP

Qoʻshma Shtatlar bu yil BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga saylanishga erishmoqchi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken 24-fevral kuni Jenevada boʻlib oʻtgan Kengashning 46-sessiyasi ishtirokchilariga videomurojaatida maʼlum qildi.

Vashington 2022-yildan 2024-yilgacha Kengashga aʼzo boʻlish uchun ariza topshiradi, dedi u. “Biz BMTga aʼzo barcha davlatlardan ushbu organga qaytish haqidagi arizamizni qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz”, — deya Entoni Blinken soʻzlarini keltiradi “Amerika Ovozi”.

Qoʻshma Shtatlar 2018-yil iyun oyida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashidan chiqdi. Oʻshanda prezident Donald Tramp hukumatlararo idorani Isroilga munosabati va islohotlarning yoʻqligi uchun tanqid qilgan. Blinkenning aytishicha, AQSHning yangi maʼmuriyati qisman avvalgi hukumat tanqidlariga qoʻshiladi. Shu bilan birga, Qoʻshma Shtatlar Kengashga aʼzo davlatlarning inson huquqlari sohasida “yuqori talablarga” javob berishiga ishonch hosil qilishni niyat qilmoqda, deb yozadi Deutsche Welle.

47 kishilik, uch yillik kengashning yillik saylovi oktyabr oyida BMT Bosh assambleyasida boʻlib oʻtishi kerak. Kengashning hozirgi tarkibiga Buyuk Britaniya, Xitoy va Rossiya kiradi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog