“Aqlli texnologiya” Fotimani Zuhradan ajrata oladi yoxud O‘zMU qabul jarayonida zamonaviy texnologiyalar amalda

Odatda, ko‘pchiligimiz Fotima va Zuhra, Hasan va Xusan kabi egizaklarni bir qarashda ajratishga qiynalamiz. Chunki ular nafaqat tashqi ko‘rinish jihatdan, balki organizmining funktsional tuzilmasi jihatidan ham bir-biriga nihoyatda o‘xshash bo‘ladi. Shu bois ham ularni farqlash notanish odam tugul, o‘z tanish va qarindoshlariga, hatto ularni dunyoga keltirgan o‘z ota-onalariga ham ba’zi bir qiyinchiliklarni tug‘diradi.

Foto: Korrespondent.uz

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida qabul jarayonida zamonaviy biometrik texnologiyalar asosida abituriyentlarni nazorat qilish va boshqarish tizimi, shuningdek, qiyofadan tanuvchi va barmoq izlari skaneri orqali shaxsni aniqlashga qaratilgan “aqlli texnologiya” qo‘llanilayotgani haqida avval xabar bergandik.

2017-yil 12-iyul kuni ham o‘zaro tashqi o‘xshashlikdan ustamonlik bilan foydalanmoqchi bo‘lgan Salimova Fotima (familiya o‘zgartirilgan) o‘z singlisi Salimova Zuhraning o‘rniga hujjatlarni O‘zMUning Biologiya yo‘nalishiga topshirayotgan bir vaqtda ushbu “aqlli texnologiya” uning firibgarona qilmishini fosh etdi.

Ushbu “aqlli texnologiya” O‘zbekiston Milliy universitetining tajribali olim va yosh mutaxassislarining ixtirosi hisoblanib, 2017-2018-o‘quv yili qabul mavsumida ushbu o‘quv dargohida Respublikadagi yagona tizim sifatida eksperiment tarzida qo‘llanilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zMUda bo‘lib o‘tajak test sinovlarida ham ayni shu texnologiya qo‘llaniladi. Imtihon o‘tkaziluvchi har bir auditoriyaga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi va test jarayonlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyishi onlayn rejimda keng jamoatchilikka uzatiladi.

Bu jarayondan ko‘zlangan asosiy maqsad –  bilimli, iqtidorli abituriyentlarga o‘z bilim va intellektual salohiyatlari bilan o‘qishga kirishlariga imkoniyat yaratilyapti.

Fikr bildirish

Latest from Blog