Angrenda o‘qituvchi kaltaklagan o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortildi

Toshkent viloyati Angren shahridagi 41-maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani aks etgan videotasvir tarqalgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi ma’lumot berdi.

Xalq ta’limi vazirining nazorat-huquqiy xizmati tashabbusi bilan mazkur holat shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasiga o‘rganish uchun yuborildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘quvchi darsga xalaqit bergani, o‘qituvchi tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, o‘qituvchiga noo‘rin so‘zlarni gapirgani aniqlangan. So‘ngra o‘qituvchi o‘quvchini tartibga chaqirishga harakat qilganida o‘quvchi tomonidan turli noo‘rin xatti-harakatlar qilingani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, biologiya fani o‘qituvchisi Z. Turdiyeva 9-“V” sinfga biologiya fanidan darsga kirgan. Shu kuni sinf o‘quvchisi Asadbek Qutbiddinov darsga daftarsiz kelgan. O‘qituvchi doskaga mavzu va rejani yozayotgan paytida Asadbek Qutbiddinov ruxsatsiz birinchi qatordan to‘rtinchi qatorning birinchi partasiga borib o‘tirgan va dars jarayoniga xalaqit qiladigan qiliqlar qilib, qolgan barcha o‘quvchilarni darsdan chalg‘itgan.

O‘qituvchi o‘quvchini ketma-ket besh martadan ko‘p ogohlantirishiga qaramay, dars jarayoniga xalaqit bergan. O‘qituvchi mavzuni tushuntirayotgan vaqtda ham o‘quvchi yana o‘rinsiz qiliqlar qilib o‘qituvchini va o‘quvchilarni darsdan chalg‘itayotgani uchun uni doska oldiga chiqarib, nega bunday qilayotgani bo‘yicha izoh berishini so‘raganida orqasiga qarab, yana qiliq qilib, sinfdagi o‘quvchilarni kuldirgani uchun o‘qituvchi Z. Turdiyeva o‘quvchi Asadbek Qutbiddinovning kurtkasi ustidan bir musht tushirgan.

O‘quvchi A. Qutbiddinov o‘qituvchi Z. Turdiyevaga “Siz boksyorsiz, yana musht tushiring” deb o‘qituvchini quyushqondan chiqargani uchun o‘qituvchi jahl ustida o‘quvchiga bir necha bor musht tushirgan. O‘quvchi dars tugaganidan keyin yana o‘qituvchini masxara qilib, xonadan chiqib ketgan. O‘qituvchi Z. Turdiyeva bu holat bo‘yicha maktab rahbariyatini va sinf rahbarini ogohlantirmagan. Sababi o‘qituvchi qon bosimi ko‘tarilib, xonada chamasi ikki soatlar o‘tirib, so‘ng o‘zi rahbarlik qilayotgan 6-“D” sinfda 2021-yilning 5-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rgan.

Holat voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi raisi Salim Anorboyev, Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Rohila Abduqodirova va Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

“Bizda 47-modda nima uchun? Birinchidan, o‘quvchini ta’limga jalb qilishdagi sustkashligi, ya’ni daftar olib bermagani, telefon bilan jo‘natgani uchun qo‘llaniladi. Ota-ona shu ishni qilma deganda, qilmas edi”, – deydi Salim Anorboyev.

O‘quvchining ota-onasi ushbu ish yuzasidan kechirim so‘ragan.

“Bu mening aybim. O‘qishiga endi o‘zim qarayman. 3-4 ta molimiz bor, tirikchiligimiz bor, shularda menga yordam beradi. Men ham ba’zida maktabga borib so‘rab turaman. O‘qishiga e’tiborsizligim uchun uzr. Ammo bir joyga bekorga chiqadigan bola emas”, – deydi o‘quvchining otasi.

Uning onasi farzandining qilgan ishi uchun uzr so‘rab, tarbiyasiga qattiqroq turishini aytdi. O‘quvchilar ham sodir etgan ishidan pushaymonligini bildirib, o‘qituvchidan kechirim so‘radi.

“Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video ko‘plab muhokamaga sabab bo‘ldi. O‘qituvchi va o‘quvchilardan uzr so‘rayman. Men bu holatni bunday darajada bo‘lishini bilmagandim. Bu boshqa takrorlanmaydi.

Qilgan ishimdan pushaymonman, yoshlik qilib qo‘ydim. Ustozdan ham uzr so‘radim. Tengdoshlarimga ustozni hurmat qilishni, maktabga quruq kelmasdan, bilim olib ketishlarini so‘rab qolaman”, – deydi o‘quvchilar.

“4-fevral kuni bo‘lgan voqea oyning sakkizinchi sanasida ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan holat bo‘yicha ota-onalar, eng avvalo, mendan uzr so‘rashdi. Farzandlari tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishni, maktabga telefon olib kelmaslikni, darsga talab darajasida tayyorgarlik ko‘rishini nazoratga olishligini aytib, va’da berishdi”, – deydi o‘qituvchi.

Holat yuzasidan ota-onalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan jarima qo‘llanildi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog