Andijonda yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironlar holidan xabar olinmagan

Turli masalalarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan muntazam ravishda tahlil va monitoring tadbirlari amalga oshirilmoqda.

OʻzbekistonRespublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-avgustdagi “Keksalar va nogironlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring tadbirlari davomida hududlarda oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironlarni qayd etish va ularga xizmat koʻrsatish borasida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi maʼlum boʻldi. Bu haqda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi maʼlum qildi.

Tuman, shahar adliya boʻlimlari mutaxassislari joylardagi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻba xodimlari bilan hamkorlikda hududlardagi yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironlarni qaytadan xatlovdan oʻtkazdi.
Monitoringga qadar viloyatda 2 ming 62 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatilgan hamda 182 nafar fuqaro belgilangan tartibda 15 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanib kelingan.
Monitoring tadbirlari doirasida viloyatdagi ana shu toifa kishilari qayta xatlovdan oʻtkazilganida 2 ming 344 nafar oʻzgalar parvarishiga hamda ijtimoiy xizmat koʻrsatilishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironlar, shuningdek, 219 nafar 15 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj fuqarolar borligi aniqlangan.
“Monitoring davomida shu kunga qadar oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironlarning roʻyxatlari toʻliq shakllantirilmaganligi sabablari tahlil qilinganida, hududlarda ijtimoiy koʻmak koʻrsatiluvchi qariyalarning uy-joylari ularning vafotidan soʻng davlat ixtiyoriga oʻtib ketadi, degan notoʻgʻri tushunchaning mavjudligi sabab ayrim shaxslar roʻyxatga kirishni istamaganligi, qolaversa, mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiyalarga ular haqida yetarli maʼlumotlar berilmayotganligi asosiy omil boʻlayotganligi maʼlum boʻldi”, – deydi Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi Abdumutal Dadajonov. “Qolaversa, ayrim tuman va shaharlarda ularga koʻrsatilayotgan xizmatlar ham talab darajasida olib borilmayotganligi aniqlandi.
Jumladan, Xonobod shahrida bu borada jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Xonobod shahrida ijtimoiy yordamga muhtoj 60 nafar yakka yashovchi keksa va nogironlar, shuningdek, 3 nafar 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotiga muhtoj hamda 4 nafar turli gigiyena vositalari bilan taʼminlanib turiluvchi keksalar roʻyxatda turadi. Joriy yilning 1- yarmida ularga qay darajada ijtimoiy koʻmak koʻrsatilayotganligi oʻrganilganda qator qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.
Xonobod shahar A. Fitrat mahallasi Obod koʻchasidagi 151-uyning 41-xonadonida yashovchi Goʻzalxon Sodiqova xonadoniga patronaj xizmati xodimlari 2 yildan buyon umuman kelmayotganligi, fuqaro turli dori-darmonlarga muhtoj boʻlsada, ularni olmayotganligi, salomatligi tekshirilmayotganligi, uy daftariga patronajlar tashrifi, oʻtkazgan suhbatlari boʻyicha qaydlar umuman yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Yana aynan A. Fitrat mahallasi Obod koʻchasidagi 126-uyning 15-xonadonida yashovchi Adolat Abdumannopova ham dori-darmonlarga muhtoj boʻlsada, dorilar berilmayotganligi, potranaj xizmati xodimlari kelib faqat uning qon bosimini oʻlchab ketishdan nariga oʻtmaganligini aytib, shikoyat qilgan. Qolaversa, uning uy daftarida ham patronajchilar tashrifi haqida biror bir qayd qoʻyilmagan.
Shuningdek, oʻrganishlar davomida yolgʻiz yashovchi keksalar roʻyxatida turuvchi Obod koʻchasi 132-uyda yashovchi Shahnoza Mahmudova, shu koʻchadagi 135-uyda yashovchi Shakarxon Abdullayeva, Fitrat koʻchasidagi 126-uyda yashovchi Alfiya Sheraliyeva singari fuqarolardan ham patronaj xizmati xodimlari umuman xabar olmaganligi maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-sentabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, oʻtkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun masʼuliyatni oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 5- ilovasida “Yolgʻiz keksalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar va nogironlar patronaji har bir yolgʻiz keksani, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxs va nogironni bir oyda kamida bir marta borib koʻrishi” lozimligi belgilab qoʻyilgan boʻlsada, yuqorida qayd etilgan fuqarolarga biriktirilgan patronaj xodimlari qariyb 1 yil davomida ulardan xabar olmagan.
Ana shundan kelib chiqib Xonobod shahar adliya boʻlimi tomonidan shahar tibbiyot birlashmasiga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan patronaj xizmati xodimlari va mutasaddilarga tegishli chora koʻrish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
Umuman viloyatdagi tuman va shaharlarda oʻtkazilgan monitoring tadbirlari doirasida mazkur yoʻnalishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda qonun hujjatlari talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilish holatlari yuzasidan mutasaddi idoralarga jami 253 ta ogohnoma va taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, adliya boʻlimlari tomonidan aholi orasida ijtimoiy koʻmak koʻrsatiluvchi qariyalarning uy-joylari ularning vafotidan soʻng davlat ixtiyoriga oʻtib ketadi, degan notoʻgʻri va asossiz tushuncha yuzaga kelishining oldini olish, fuqarolarning bu boradagi huquqiy bilim va tushunchalarini yuksaltirish hamda yolgʻiz yashovchi keksalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar va nogironlar ijtimoiy muhofazasini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli targʻibot va tushuntirish ishlari oʻtkazilmoqda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog