Foto: Ria Novosti

Andijonda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

/

Shavkat Mirziyoyev Asakadagi zavodda elektromobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

“Yaqinda (27-may kuni) viloyatda 105 gektar yerda „Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi“ maxsus zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladim. Oʻzavtosanoat tomonidan ushbu Sanoat xabida 2021−2023-yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan”, — dedi u.

Jumladan, choʻyan detallarni quyish, ularga mexanik ishlov berish, rezina jipslovchi detallar, avtomobil oyna tozalagichlari, shassi uchun prujinalar ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.

Prezident elektromobillar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriq berganini taʼkidlab oʻtdi.

“Bu loyihalar yetarli emasligini hisobga olib, Sardor Umurzoqov (bosh vazir oʻrinbosari), “Oʻzavtosanoat“, “Eltexsanoat“ bir oy muddatda Sanoat xabi hududida yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, taqdimot qilsin. Shu jumladan, viloyatda metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini ham tayyorlash lozim”, — dedi davlat rahbari.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yilning dekabr oyida “Oʻzavtosanoat” kompaniyasini faqat elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 29-dekabrdagi qarorida (VMQ-812) soʻz boradi.

Hujjat “Oʻzavtosanoat”ni faqat elektr dvigatellari boʻlgan avtomobillar va avtotransport vositalarini ishlab chiqarishga oʻtkazishni nazarda tutgan. 2021-yil 1-fevralgacha kompaniyaga xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish hamda konsepsiya loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.

Latest from Blog