Foto: Tergov departamenti

Andijonda aviakassadan salkam 100 mln so‘m pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi

Andijon shahrida aviakassa binosidan katta miqdorda pul o‘g‘irlagan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 2-may kuni soat 02:30 larda noma’lum shaxs Andijon shahri Boburshoh ko‘chasida joylashgan aviakassa binosiga deraza orqali kirib, binodagi temir seyf ichidan jamiyatga tegishli 92 221 000 so‘m pullarni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni avtomashina ustasi 25 yoshli X.O. sodir etganligi aniqlanib, undan 36 600 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan X.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davomida X.O. o‘z ko‘rsatuvida gallyutsinatsiyaga olib keluvchi tabletkalar ta’siri ostida ushbu jinoyatni sodir qilganligini ma’lum qilgan. X.O.ning qon namunalari olinib, tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Jinoyat ishi doirasida barcha holatlarga huquqiy baho berilishi ta’minlanishi ta’kidlangan.

Latest from Blog