Andijonda 200 nafardan ortiq kishi muzqaymoqdan zaharlandi

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 15-may kuni davomida Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasiga va Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ovqatdan zaharlanish belgilari (qayt qilish va ich ketish kabi) bilan 212 nafar fuqaro murojaat qilgan.

Ularning barchasiga shifoxonada tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, 186 nafari statsionar holatda davolanish uchun yotqizilgan. Bemorlarning barchasi tuman markazida joylashgan “Maks” kafesida muzqaymoq iste’mol qilishganini aytishgan va kasallanishlarini shu bilan bog‘lashgan.

Yuzaga kelgan keskin epidemik vaziyatni yumshatish va zarur maslahat hamda amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida, 15-may kunidan boshlab tumanda Davlat Bosh sanitar vrachi – Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari S.Saydaliev rahbarligida respublika ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.

Bemorlarga ko‘rsatilgan barcha zarur davolash muolajalari samarasi o‘tgan sutkalar ichida, ya’ni 17-may soat 8.00 holatiga 153 nafar fuqaroning holati yaxshilanib, uyiga javob berilgan. Qolgan 33 nafar bemorning holati qoniqarli, kundan-kunga yaxshilanib bormoqda.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan bemorlar iste’mol qilgan muzqaymoq hamda ichimlik suvi manbalaridan bakteriologik va kimyoviy tahlillar o‘tkazish uchun namunalar olingan, ularni tekshirish ishlari davom etmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va viloyat hokimiyatining bir guruh mutaxassislari tomonidan Shahrixon tumanida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarni muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yuz bergan ovqatdan zaharlanish holatining kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida, tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Latest from Blog