Foto: “Dunyo” agentligi

Amerikalik mutaxassislar suv omborlari xavfsizligini baholash uchun O‘zbekistonga keldi

15-mart kuni AQShning gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislar guruhi O‘zbekistonga keldi, deb xabar beradi “Dunyo” agentligi.

Gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini monitoring qilish AQSh armiyasi harbiy muhandislar korpusi (United States Army Corps of Engineers, USACE) bilan erishilgan kelishuv doirasida o‘tkazilmoqda. Ko‘p yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan amerikalik mutaxassislar 15—28-mart kunlari O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari bilan birgalikda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan “Hisorak” va “To‘palang” suv omborlarining holatini o‘rganadi.

Mutaxassislar ushbu gidrotexnika inshootlarining bugungi holati va yaxlitligini tekshirib, ularning faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tahlil qiladi. Ushbu jarayonda obyektlarning texnik hujjatlarini o‘rganish bilan bir qatorda to‘g‘onlarni zamonaviy uskunalar bilan bevosita tekshirish ham rejalashtirilgan.

Tadqiqot natijalari asosida ehtimoliy nosozliklar modellarini ishlab chiqish, ularning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini tahlil qilish, shuningdek, to‘g‘onlarning texnik monitoringini o‘tkazish va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

“O‘tgan yil may oyida Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omborida sodir bo‘lgan texnogen ofat profilaktika choralari va mutaxassislarning kasb mahoratini oshirish muhimligini namoyish etdi.

O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, 2021-yilda mamlakatimizda Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya texnik reglamentlari va tavsiyalarini qo‘llash va tasdiqlash, shuningdek, xorijiy davlatlarning suv omborlari xavfsizligi va ishonchli faoliyatini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tadbirlarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi”, — deyiladi xabarda.

USACE — AQShda 1775-yil tashkil etilgan ilk davlat xizmatlaridan biri. Ayni paytda 30 mingdan ziyod kishi mehnat qilayotgan federal agentlik, asosan, rejalashtirish, loyihalash, suv omborlari qurish va toshqinlardan muhofaza qilish hamda tabiiy ekotizimlarning biologik xilma-xilligini tiklash bilan shug‘ullanadi. Korpus AQShda 3 mingdan ortiq gidrotexnik inshootlarni ekspluatatsiya qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi, 110 mamlakatda gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish, xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va to‘g‘onlarning buzilishi oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi.

Latest from Blog