/

Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi tashkil etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining 4 fevraldagi qarori bilan Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fanlar akademiyasi muassisligida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.

Quyidagilar fondning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish;
  • Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish;
  • Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga ko‘maklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini o‘rganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish;
  • har yili Alisher Navoiy tug‘ilgan sana — 9 fevral kuni xalqaro konferensiya (simpozium) va «Navoiyxonlik kunlari»ni tashkil etish va o‘tkazish.

Fondga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, akademik Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uyning bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog