«Ahmadboy»: «Men odamlarni aldamaganman. Agar aldaganimda, odamlar meni tinch qo‘yishmasdi»

Bugun, 16-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadjon Tursunboyev (Ahmadboy) hamda uning 6 nafar sherigiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Sud majlisi ochiq tarzda o‘tkazilib, unga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi sudyasi Dilshod Komilov raislik qildi. Shuningdek, unda xalq maslahatchilari, prokuror, jabrlanuvchilar, fuqaroviy da’vogar vakili, sudlanuvchilarning advokatlari va jurnalistlar ishtirok etdi.

“Ahmadboy”:

– Muhtaram sudya, o‘rtoq prokuror! Men fuqarolarni aldamaganman. Ular o‘z xohishlari bilan pullarini olib kelgan. Men dehqonchilik, qassobchilik va chorva bilan shug‘ullanganman. Men hech qachon xalqni aldamaganman, birovning haqini yemaganman.

Mening maqsadim mana shu 20 ming bosh qoramolga, 1 mlrd tovuq fermaga joy qilayotgandim. 2 ming gektarga baliqchilikka ko‘l barpo qilayotgandim. Meni maqsadim fuqarolar bilan ishlash bo‘lgan, aldash bo‘lmagan. Men shu vaqtgacha odamlarni aldamaganman, ularning mol-mulkini olmaganman. Agar men ularni aldaganimda, odamlar meni tinch qo‘yishmasdi. Lekin men hech kimning haqini yemaganman. Ammo qilgan ishimdan pushaymonman.

Men Prezidentimizdan, xalqimdan, sudya va prokurordan kechirim so‘rayman!”

Sud majlisida boshqa sudlanuvchilarning ham so‘ngso‘zlari eshitildi.

So‘nggi sud qarori sud maslahatlashuvi tugaganidan so‘ng e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmadjon Tursunboyev Jinoyat kodeksining bir necha moddalari (firibgarlik, poraxo‘rlik, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan ayblanmoqda.

Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari 2016-yilning iyun oyida Chinoz tumanida qo‘lga olingan edi. U odamlardan yiliga kamida 100 foizlik dividend to‘lash, ya’ni ikki barobar qilib qaytarishni va’da qilib, juda katta omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, u foizlik ustama to‘lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan.

Latest from Blog