Foto: Kamoliddin Rabbimov / Facebook

“Agneshka Pikulitskaga akkreditatsiya berilmaganligi — siyosiy xato” — siyosatshunos

2-iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi Al Jazeera telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevska tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilganligida haqida maʼlum qildi. Keyin polshalik jurnalist ushbu holatni “uning ovozini oʻchirishga urinish” va “mamlakatda deyarli oʻzgarishlar boʻlmaganligini anglatadi” deb izohladi.

Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ushbu holat boʻyicha oʻz munosabatini bildirdi. Quyida uning fikrlarini juzʼiy tahrir bilan eʼtiboringizga havola etamiz.

Haqiqiy mustaqil va professional jurnalistlar hech qachon hokimiyat uchun qulay boʻlmaydi. Bunday jurnalistlar har doim hokimiyatga, jamiyatdagi har xil ijtimoiy guruhlarga, qatlamlarga nisbatan zoʻriqish vektorlarini shakllantiradi. Uning ustiga, hozirgi davrda, hokimiyatga nisbatan tanqid, yoki davlatni ichkarisida boʻladi, yoki tashqarisida.

Davlatning ichkarisidagi tanqid, hokimiyatning global manfaatlari, obroʻ-eʼtibori uchun mutlaq manfaatli hisoblanadi. Maʼlum kategoriyadagi mutafakkirlar, fikrlovchi insonlar, davlatning ichkarisidagi tanqid darajasiga qarab ham, hokimiyatning va davlat tizimining naqadar mustahkam, shaffof va demokratik ekanligiga baho berishadi. Chunki, erkinlik, avvalo, soʻz erkinligi asosida hokimiyatni, tizimni ushlab turgan maʼmuriyat, raqobatbardosh va demokratik deya qabul qilinadi.

Tanqidning davlat ichida boʻlishi dunyo hamjamiyatining maʼmuriyatga ishonchni kuchaytiradi. Qolaversa, ichkaridan tanqid qilayotganlar hokimiyatning legitimligini qoʻporish kayfiyatida emas, muammolarni koʻrsatish holatida boʻladi. Chunki, davlatning ichidagi fikrlar, tanqidlar qonunchilik bilan moʻtadil oʻzanga solib turiladi.

Oʻzbekistonda uzoq muddat soʻz erkinligi, fikrlar, gʻoyalar tashabbusi mamlakatdan tashqarida boʻldi. Tanqidlar, yirik siyosiy loyihalar hokimiyat legitimligini qoʻporish maqsadida amalga oshirildi. Natijada, Oʻzbekiston oʻziga daxldor soʻz va fikr tashabbusini yoʻqotib boʻlgan edi. Hali mana shu kayfiyat soʻnmasdan, jurnalistlari, blogerlariga toʻliq ishonch tiklanmasdan, milliy axborot ishlab chiqaruvchilarning malakasi yuqori nuqtalarga yetmasdan, xorijiy jurnalistning quvilishi — jiddiy siyosiy xato.

Oʻzbekiston ichidagi OAVlari, jurnalistlar, blogerlar, xorijiy mutaxassislar bilan raqobatlashgan holatda, ular bilan yonma-yon ishlab, pishib yetilishi kerak. Uning ustiga, agar biron bir xorijiy OAVlari, jurnalistlar qonunchilikni jiddiy buzadigan boʻlsa, uni tezda haydab solish emas, uni qonunchilikka boʻysundirishning ohista yoʻllari ishga solinishi kerak boʻladi.

Latest from Blog