Foto: Hindustan Times

Afg‘oniston prezidenti mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvida AQShni aybladi

//

Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarining o‘ta keskinlik bilan olib ketilishi mamlakatda vaziyatning yomonlashishiga olib keldi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani vaziyatning bunday tus olishida Amerikani aybladi, deb yozmoqda Reuters.

“Hozirgi vaziyatning sababi shundaki, bu qaror (AQSh qo‘shinlarini olib chiqish) kutilmaganda qabul qilindi”, — dedi prezident parlamentdagi chiqishida. G‘ani amerikaliklarni bunday qadamning ehtimoliy oqibatlari haqida ogohlantirganini aytdi.

Agentlikning xabar berishicha, ayni paytda mamlakat janubida hukumat kuchlari “Tolibon” hujumini to‘xtatishga harakat qilmoqda.

Ashraf G‘ani o‘z nutqida bugun Afg‘onistonga har qachongidan ham ko‘proq birlik zarurligini aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” harakati tinchlikka erishish va muzokara qilish istagini ko‘rsatmayapti, Afg‘oniston hukumati esa katta imtiyozlar berib, bu yo‘nalishda muhim qadamlar qo‘ydi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hukumatning ustuvor vazifasi mamlakatda tinchlikni ta’minlash, ammo “Tolibon” va ularning ittifoqchilari aytayotgan so‘zlari va qilayotgan ishlarida samimiy emas.

Afg‘oniston rahbari bugungi kunda mamlakat misli ko‘rilmagan terrorchilik tahdidi bilan yuzlashayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat kuchli birlik bu tahdidlarga qarshi turishga va harbiy vaziyatni o‘zgartirishga yordam beradi.

“Hozir bir-birimizga loy chaplash vaqti emas. Aksincha, bugun bizga har qachongidan ham ko‘proq birlik kerak ”, — dedi u.

G‘anining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati hech kimga bosh egmoqchi emas. “‘Tolibon’ yo muzokara stoliga o‘tiradi, yoki biz ularni jang maydonida tiz cho‘ktiramiz. Biz o‘z tanlovimizni qildik. Endi ‘Tolibon’ o‘z tanlovini qilishi kerak ”, — dedi G‘ani.

Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29-aprelda boshlangan, AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.

AQSh qo‘shinlarining katta qismi olib ketilgach, Afg‘onistonda “Tolibon” jangarilarining hujumlari boshlandi. Ayni paytda “Tolibon” Afg‘oniston chegaralarining, taxminan, 90 foizini nazorat qilmoqda va yirik shaharlarga hujum uyushtirmoqda.

Latest from Blog