Foto: Abdul-Rashid Dustum / Facebook

Afgʻonistonlik marshal Doʻstum Oʻzbekistonda — OAV

/

Afgʻonistonning harbiy va siyosiy arbobi, asl kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan marshal Abdul-Rashid Doʻstum 14-avgust kuni oʻzbek-afgʻon chegarasini kesib oʻtgan va hozirda Oʻzbekiston hududida boʻlib turibdi. Bu haqda Reuters va “RIA Novosti” xabar tarqatdi. TASS agentligi mahalliy jurnalistga tayanib, ayni vaqt Doʻstum Termizda ekanligini yozmoqda.

Shanba kuni “Tolibon” harakati Afgʻonistonning shimoli-gʻarbida joylashgan Balx viloyatining maʼmuriy markazi — Mozori-Sharif shahrini egalladi. Afgʻoniston hukumati qoʻshinlarining bir qismi Oʻzbekiston bilan chegara hudud tomonga harakatlangan va Doʻstlik (“Termiz-Hayraton”) koʻprigi ustida toʻplanishgan.

Toliblar shimoldagi soʻnggi shaharni qoʻlga olgach hukumat xavfsizlik kuchlari va mahalliy jangari guruhlar qochishni boshlagan. Ularning orasida Afgʻoniston oʻzbeklarining norasmiy yetakchisi marshal Abdul-Rashid Doʻstum va tojiklar yetakchisi, Balx viloyatining sobiq gubernatori Atta Muhammad Nur ham borligi aytilmoqda.

Atta Muhammad Nur Twitterʼda ular xavfsiz joyda ekanligini maʼlum qildi. Uning yozishicha, toliblar fitna natijasida hududni qoʻlga olgan: “Barcha hukumat inshootlari va kuchlari Tolibonga topshirilgan edi. Bu fitnaning koʻlami katta va keng edi, ular marshal Abdul-Rashid va meni tuzoqqa tushirmoqchi boʻlishdi, biroq bu amalga oshmay qoldi”.

Doʻstlik koʻprigida afgʻon askarlari toʻplangan kuni Oʻzbekiston qoʻshni davlatning 84 nafar harbiy xizmatchisini vaqtincha qabul qildi va ularga tibbiy yordam koʻrsatdi.

Latest from Blog