Aeroportda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga koreys mutaxassislari yordamlashadi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi «Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini loyihalashtirish hamda Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti «Toshkent-2» terminalidan foydalanishni optimallashtirish masalalari bo‘yicha «Inchon» xalqaro aeroporti korporatsiyasi (Janubiy Koreya) bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda MAK saytida xabar qilindi.

Foto: Flickr / Sekitar

Koreys tomoni poytaxt aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun konsultant sifatida taklif etildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar loyihalashtirilayotgan «Toshkent-4» terminali hajmlari va loyiha bo‘yicha kapital qo‘yilmalarini hisob-kitob qilish, shuningdek mavjud «Toshkent-2» terminalida qulaylik va servis darajasini ko‘tarish va rejalashtirilgan yechimlarni qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan uning o‘tkazuvchanlik xususiyatini oshirish bo‘yicha konsultantlik qiladi.

«Toshkent-2» terminalining o‘tkazuvchanlik xususiyati bugungi kunda soatiga 1000 yo‘lovchini tashkil etadi. Har yili uning xizmatlaridan 2,5 million yo‘lovchi foydalanmoqda.

«Toshkent-4» yo‘lovchi terminalini 2019-yil so‘ngiga qadar Koreya Respublikasi hukumati ko‘magida qurish rejalashtirilgan edi. Biroq loyiha vaqtincha to‘xtatildi.

Latest from Blog