“Adolat” partiyasi boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun issiq ovqat tashkil etishni taklif qilmoqda

Oʻzbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhlari tomonidan umumtaʼlim maktablaridagi tayyorgarlik, taʼlim muassasasi xodimlari va oʻquvchilarning xavfsizligi boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Foto: Google Image

Oʻrganish natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, baʼzi umumtaʼlim maktablarida tayyorgarlik, kerakli boʻlgan himoya vositalarini xarid qilish ishlari mutasaddi rahbar va homiylar tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan birgalikda, hududlarda masʼul shaxslarning eʼtibori hali yetarli darajada emasligi, ishlar bir xilda tashkil etilmaganligi maʼlum boʻldi deyiladi Oʻzbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi xabarida.

Natijalarga koʻra, oʻquv davrida muassasa xodimlari va oʻquvchilarning xavfsizligini toʻliq taʼminlash uchun aniq vazifa va hisob-kitoblar toʻliq qilinmagan. Hayot tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, oʻquv jarayoniga jalb qilingan oʻqituvchi, mutaxassislar COVID 19 va boshqa respirator kasalliklar bilan kasallanganligi oqibatida oʻquv jarayonida oʻqituvchilarning yetishmasligi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlari maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi uchun quyidagi masalalarni kiritmoqda:

Umumiy dars yuklamalarini qisqartirib, aniq fanlarga koʻproq eʼtibor qaratish kerakligi;

Umumtaʼlim maktablarida ijtimoiy masofa va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda taʼlimning anʼanaviy holda davom ettirish imkoniyati yoʻqligi sababli anʼanaviy va masofaviy turlarini parallel olib borish yaʼni, guruh oʻquvchilarini 2 smenaga ajratgan holda 3 kun anʼanaviy va 3 kun masofaviy tizimga oʻtish;

Pedagog va oʻquvchilarga himoya vositalarini byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplash;

Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun issiq ovqat tashkil etish (ijtimoiy masofa va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda);

Har bir umumtaʼlim muassasalarida tibbiyot xonasi, tibbiyot xodimlari va birlamchi talab etiladigan dori vositalari bilan taʼminlash.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi Oʻzbekiston “Adolat” SDP deputatlik korpusi nomidan yuqoridagi masalalar ijobiy hal etilishida amaliy yordam berilishini soʻrab, hukumat maxsus komissiyasiga taklif yuborildi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog